Joriy yilning birinchi yarmida Xitoyga gaz quvuri orqali yoqilg‘i yetkazib beruvchi davlatlar ichida Turkmaniston yetakchi bo‘ldi. Bu haqda Xitoy bojxona qo‘mitasiga tayanib “TASS” nashri xabar berdi.

Unga ko‘ra, yanvar-iyun oylarida mamlakatdan Xitoyga yetkazib berilgan gaz qiymati $5,06 mlrdni tashkil etadi.

Turkmanistondan keyingi ikkinchi o‘rinda $3,4 mlrd.lik gaz yetkazib berish ko‘rsatkichi bilan Rossiya turibdi.

Rossiyadan keyingi uchinchi o‘rinda esa qiymati $737,9 mln.lik gaz eksporti bilan Myanma turibdi.

Shuningdek, bu davrda Qozog‘istondan eksport qilingan gazning qiymati $448,7 mln.ni tashkil etdi.

Yanvar-iyun oylarida gaz quvurlari orqali Xitoyga yoqilg‘i yetkazib bergan mamlakatlar qatorida O‘zbekiston ham bor.

O‘tgan davrda mamlakat tomonidan yetkazib berilgan gaz qiymati $203,9 mln.ni tashkil etgan.

Xususan, iyun oyida Xitoyga $85 mln.dan ortiq tabiiy gaz eksport qilingan.

Umuman, o‘tgan davrda O‘zbekiston Xitoyga ko‘k yoqilg‘i yetkazib berish bo‘yicha beshta asosiy davlat qatoridan joy oldi.

Joriy yilning aprel oyidan mamlakatga tabiiy gaz yetkazib berish tiklangandi. Natijada bir oyda $40,47 mln.lik tabiiy gaz yetkazib berildi.

2022-yilda O‘zbekiston Xitoyga $1,07 mlrd.lik gaz yetkazib, ko‘rsatkich taxminan 33,9%ga oshgandi.


Avvalroq “QazaqGaz” oktabrdan Rossiya gazining O‘zbekistonga tranzitini boshlashi haqida xabar berilgandi.