Alkogol va tamaki mahsulotlariga yangi namunadagi aksiz markalarini joriy etish bo‘yicha hukumat qarori qabul qilindi.

Unga ko‘ra, joriy yilning 1-avgustidan alkogol va tamaki mahsulotlariga yangi namunadagi aksiz markalari joriy etiladi.

Bunda ishlab chiqaruvchi va import qiluvchi tashkilotlarga yangi namunadagi aksiz markalarini yopishtirish bilan bir vaqtda alkogol va tamaki mahsulotlariga ishlab chiqarishda (import qilishda) eski namunadagi aksiz markalaridan foydalanishga hamda ular bilan markalangan mahsulot qoldiqlarini 5 oy mobaynida sotishga ruxsat beriladi.

Ulgurji va chakana savdo tarmog‘ida eski namunadagi aksiz markalari bilan markalangan mahsulotlar ishlab chiqaruvchi va import qiluvchi tashkilotlar uchun belgilangan muddatdan keyin 12 oy o‘tgach markalanmagan deb hisoblanadi va belgilangan tartibda olib qo‘yiladi.

Keyingi yilning 1-noyabridan eski namunadagi aksiz markalari bilan markalangan alkogol va tamaki mahsulotlarini aniqlash, ularning olib kirilishi, ishlab chiqarilishi hamda sotilishining oldini olish choralari ko‘riladi.

Qarorga ko‘ra, aroq mahsulotlarini saqlash va yaroqlilik muddati ishlab chiqaruvchilar tomonidan mustaqil ravishda 24 oygacha etib belgilanadi.

2021-yilning noyabrida alkogol va tamaki mahsulotlarini aksiz markalari bilan markirovkalash takomillashtirilishga qaratilgan hukumat qarori qabul qilingandi.

Joriy yilning may oyida esa prezident “Alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishini hamda iste’mol qilinishini cheklash to‘g‘risida"gi qonunni imzoladi.

Hujjat bilan alkogol mahsulotlarini ish joylarida, ko‘chalarda, stadionlarda, xiyobonlarda, bog‘larda, barcha turdagi jamoat transportida va boshqa jamoat joylarida iste’mol qilish taqiqlanadi.

Shuningdek, alkogol va tamaki mahsulotlarini ishlab chiqarish, sotish bilan bog‘liq munosabatlar, shuningdek, sohaga mas’ul organlarning vakolatlari belgilangan.

Iyun oyida alkogol va tamaki mahsulotlari savdosi bo‘yicha qonunbuzarliklar haqida xabar berish imkoniyati yaratilgandi.

Tasdig‘ini topgan murojaatlar bo‘yicha huquqbuzarlik uchun jarimaning 20%i, jinoyatlar uchun esa BHMning 5 baravarigacha (1,6 mln so‘m) miqdorda rag‘batlantiriladi.