Shavkat Mirziyoyev Turkiyaning “Cengiz Holding” kompaniyasi boshqaruvi raisi Mehmet Jengiz boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

Uchrashuvda o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish hamda iqtisodiyot tarmoqlarini rivojlantirish va modernizatsiya qilish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Turkiyaning ko‘p tarmoqli xoldingi ishtirokida O‘zbekistonda ikkita loyiha — Toshkent va Sirdaryo viloyatlarida umumiy quvvati 460 megavattli elektr stansiyalar ishga tushirildi.

Uchrashuvda davlat rahbariga ushbu energetika obyektlarining ko‘rsatkichlari to‘g‘risida batafsil axborot berildi.

Bundan tashqari, prezident Jizzax viloyatida quvvati 500 megavattdan ziyod bo‘lgan yana bir elektr stansiya qurilishiga start berdi.

“Cengiz Holding” kompaniyasi tomonidan umumiy qiymati $5 mlrddan ortiq bo‘lgan yangi loyihalarni amalga oshirish rejalari taqdimot qilindi.

Bular qatorida avtomobil yo‘llari va tunnellarni modernizatsiya qilish va qurish, geologiya-qidiruv ishlarini bajarish va istiqbolli foydali qazilma konlarini o‘zlashtirish, energetika infratuzilmasini davlat-xususiy sheriklik shartlarida boshqarish loyihalari bor.

Prezident turkiyalik investor ishtirokidagi istiqbolli loyihalarni tez fursatda tayyorlash va to‘liq amalga oshirish yuzasidan topshiriqlar berdi.

Kompaniya bilan Toshkent viloyatida amalga oshirilgan issiqlik elektr stansiyasining quvvati 240 MVtni, loyiha qiymati esa $150 mlnni tashkil etadi.

2022-yilning martida qurilishiga start berilgan Sirdaryo viloyatining Xovos tumanidagi gaz-porshenli issiqlik elektr stansiyasi noyabr oyiga borib ishga tushirildi. Stansiya quvvati 220 MVtni tashkil etib, yiliga 1,7 mlrd kVt-soat elektr energiyasi ishlab chiqaradi.

Joriy yilning aprel oyida Toshkent xalqaro iqtisodiy forumi doirasida mazkur xolding tarkibiga kiruvchi “Cengiz Enerji” kompaniyasi bilan shartnoma imzolangandi.

Loyiha Jizzax viloyatida quvvati 400 MVt bo‘lgan bug‘-gaz elektr stansiyasini qurish loyihasini o‘z ichiga oladi va qiymati $300 mlnni tashkil etadi.

Cengiz Holding” 1987-yildan buyon faoliyat olib boradi. Uning 35 ta sho’ba va filiallari mavjud. Yillik daromadi esa $5 mlrddan ortiqni tashkil etadi.

Kompaniya yuqori raqobatbardosh sohalarga, xususan, energetika va tog‘-kon sanoati kabi sohalarga sarmoya kiritadi.