MGIMO O‘zbekistonda “MGIMO Ventures Tashkent” birinchi xalqaro akseleratsiya dasturini ishga tushirdi. Bu haqda ta’lim muassasasi matbuot xizmati “Spot"ga ma’lum qildi.

Akseleratsiya dasturi O‘zbekiston va boshqa mamlakatlar bozorida o‘z faoliyatini kengaytirishga intilayotgan — rivojlanishning dastlabki bosqichidan tortib, undan yuqori startaplar uchun mavjud bo‘ladi.

Loyiha doirasida tashkilotchilar startaplarga quyidagi imkoniyatni taqdim etadi:

  • biznes ko‘rsatkichlarini oshirish;
  • mahsulotni O‘zbekiston va boshqa mamlakatlar bozoriga olib chiqish;
  • mamlakatning texnologik ekotizimini joriy etish va mahalliy yirik kompaniyalar bilan hamkorlik qilishga tayyorlash.

Bundan tashqari, mahalliy startaplar o‘z texnologik loyihalarini ham mamlakat ichida, ham xorijda qanday rivojlantirish bo‘yicha akseleratsiya mentorlaridan yordam olishadi.

“MGIMO Ventures Tashkent” ko‘rgazmasida “FinTech”, “EdTech”, “AgroTech”, “FoodTech”, “MedTech”, “LingvoTech”, “LegalTech”, “HRTech” va “GovTech” sohalaridagi loyihalar, shuningdek, “E-tijorat”, “Tourism/Events”, “SaaS” va “Business Intelligence” uchun yechimlar ishlab chiquvchi startaplar ishtirok etishi mumkin.

Dasturda jami 15 ta startap bepul ishtirok etishi mumkin hamda dasturning asosiy qismi onlayn tarzda o‘tkaziladi.

Dastur davomida startaplar turli biznes sohalaridagi ekspertlar bilan maslahatlashuvlar formatidagi sessiyalarda ishtirok etishadi. Shu bilan birga, hamkorlikni muhokama qilish va pilot loyihalarni ishga tushirish uchun yirik hamkor kompaniyalar vakillari bilan uchrashuvlar tashkil etiladi.

Bundan tashqari, akseleratsiya dasturining muhim qismi boshqa loyihalar bilan aloqa o‘rnatish va tajriba almashish hisoblanadi.

Startaplar “MGIMO Ventures"ni muvaffaqiyatli tamomlagan ishlab chiqaruvchilar hamjamiyatga kirish imkoniga ega bo‘ladi va ularning faoliyati OAVda yoritiladi.

Unda ishtirok etish uchun arizalarni havola orqali 10-sentabrgacha jo‘natish mumkin. Batafsil ma’lumot bu yerda.


Avvalroq “Plug and Play” akseleratsiya dasturining ikkinchi to‘lqiniga arizalar qabul qilinayotgani haqida xabar berilgandi.