Finlyandiyaning “SETCleanTech” kompaniyasi Farg‘onada qattiq chiqindilarni avtomatik ajratish va qayta ishlash liniyasini ishga tushirmoqchi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Farg‘ona viloyati hokimligi vakillari bilan mazkur kompaniyaning ijrochi direktori Youni Suomalaynen o‘rtasida onlayn uchrashuv o‘tkazildi.

Kompaniya hamkori — Italiyaning “Giunone Consult & Communications” korxonasi vakillari ham ishtirok etgan uichrashuvda “SETCleanTech” tomonidan ishlab chiqarilayotgan “Tyrannosaurus” qattiq chiqindilarni avtomatik ajratish va qayta ishlash liniyasini viloyatda joriy etish masalasi muhokama qilindi.

Mazkur liniya xorijiy mamlakatlarning chiqindini qayta ishlovchi 200 dan ziyod korxonalarida o‘rnatilgan. U orqali yonmaydigan chiqindilar ajratib olinib, qolgan chiqindilardan asosan sement zavodlarida foydalanishga mo‘ljallangan SRF yoqilg‘isi ishlab chiqariladi. Bu esa mazkur zavodlarning yoqilg‘i xarajatlarini sezilarli qisqartirishga yordam beradi.

Ushbu texnologiyalarni Farg‘onada joriy etishda mahalliy tadbirkorlar bilan hamkorlik qilinishi ta’kidlanmoqda.

Shuningdek, Yevropa va jahon moliyaviy institutlarining kredit mablag‘larini jalb etish bo‘yicha birgalikda loyiha ishlab chiqishga qaratilgan hamkorlikning keyingi rejalari kelishildi.


May oyida Janubiy Koreya O‘zbekistonda chiqindilarni qayta ishlashga qariyb $7 mln sarmoya kiritishi ma’lum qilingandi.

Mablagʻlar evaziga beshta yangi chiqindi poligoni, Jizzaxda poligon gazini yig‘ish tizimi va tibbiy chiqindilarni yo‘q qilish obyekti quriladi.