Avvalroq OTM talabalar turar joyiga joylashish uchun onlayn ariza jo‘natish imkoniyati yaratilishi ma’lum qilingandi.

Endilikda mazkur xizmatdan Yagona portal orqali foydalanish mumkin. Buning uchun esa portaldan ro‘yxatdan o‘tish kerak. “Spot” undan qanday ro‘yxatdan o‘tish mumkinligi bo‘yicha qo‘llanmani taqdim etgandi.

Xizmatdan 2023−2024 o‘quv yilida qabul qilingan 1-bosqich talabalari foydalanishlari mumkin. Barcha bosqich talabalari uchun esa 2024−2025 o‘quv yilidan ishga tushiriladi.

Portalga kirgach, qidiruv tizimiga “Davlat OTMlarining talabalar turar joyiga joylashish” kalit so‘zlarini kiritib, kerakli sahifani topish mumkin.


Xizmatdan foydalanish bepul bo‘lib, buning uchun hech qanday hujjat talab qilinmaydi.

Kerakli sahifa tanlangach, ariza jo‘natish uchun “Xizmatdan foydalanish” tugmasini bosish kerak. Bunda ma’lumotlar avtomatik shakllanadi va ularning to‘g‘riligini tekshirib, kerakli ma’lumotlar kiritilgach arizani jo‘natish mumkin.

Arizani ko‘rib chiqishda quyidagi toifaga kiruvchi talabalar ustuvorlik asosida yotoqxonaga qabul qilinadi:

  • “Mehribonlik uylari” tarbiyalanuvchilari, yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan talabalar;
  • “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”, “Temir daftar” va “Ayollar daftari"ga kiritilgan ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning farzandlari hamda “Yoshlar daftari"da turadigan talabalar;
  • I va II guruh nogironligi bo‘lgan talabalar;
  • bir oiladan bakalavriat bosqichi kunduzgi ta’lim shaklida ikki yoki undan ortiq to‘lov-shartnoma asosida o‘qiyotgan oilalar farzandlari;
  • xalqaro fan olimpiadalari, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan o‘tkaziladigan respublika fan olimpiadalarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan talabalar;
  • “Yil talabasi” va “Talabalar teatr studiyalari” ko‘rik-tanlovlarining respublika bosqichi g‘olibi bo‘lgan talabalar;
  • oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida o‘tkazilgan “Zakovat” intellektual o‘yinining respublika bosqichida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan talabalar;
  • talabalar turar joyida talabalar kengashi raisi, qavat sardori bo‘lgan talabalar.

Shuningdek, quyidagi jihatlar ustuvorlikka ega:

  • ta’limning kunduzgi shaklida tahsil oluvchi talabalar;
  • teng miqdordagi ayol talabalar uchun ustuvorlik;
  • OTM hududidan tashqarida yashovchi kunduzgi bakalavr talabalari;
  • ikki va undan ortiq bolali oilalar, kunduzgi bakalavr talabalari;
  • ariza berish sanasi bo‘yicha ustuvorlik.

Ariza natijalari uch xil ko‘rinishda taqdim etilishi mumkin:

  • Yo‘llanma berish — arizangizga ijobiy qaror qabul qilingan taqdirda, siz bir ish kuni ichida yotoqxona uchun yo‘llanma olasiz
  • Arizani qabul qilish to‘g‘risida xabarnoma — imtiyozlar bo‘lmasa, sizga maxsus navbat beriladi va 15 kun ichida arizangizga javob olasiz.
  • Arizangiz rad etiladi — yo‘llangan arizangiz turli sabablarga ko‘ra rad etilishi mumkin va bunda rad etish sabablari ko‘rsatilgan xabarnoma olasiz

Navbatni belgilash

Imtiyozli talabalarning arizalarini ko‘rib chiqqandan so‘ng, imtiyozsiz talabalar uchun ikkita variant mavjud. Ya’ni, ularga maxsus navbat raqami berilib, yotoqxonada bo‘sh o‘rinlar bo‘lsa, shu navbat bilan yo‘llanma olinadi.

Agar turar joy imtiyozli talabalar bilan to‘la bo‘lsa, 15 kun ichida rad etish haqida xabar beriladi.

Yagona portalda talabalar turar joyiga joylashish navbatini tekshirish ham mumkin. Buning uchun ham hujjat va xizmat haqi talab qilinmaydi va arizachiga avtomatik ravishda natijalarni chiqarib beradi. Xizmatlardan quyidagi havolalar orqali foydalanish mumkin:

Shuningdek, arizalar natijasini Yagona portaldagi “Mening arizalarim” bo‘limidan bilib olish imkoniyati ham bor.


Avvalroq “Spot” yagona reyestrga kirish uchun qanday onlayn ariza jo‘natish mumkinligi haqida qo‘llanma taqdim etgandi.