Joriy yilning oxirigacha “Dodo Pizza” Toshkent shahrida yana 9 ta filialini ochmoqchi. Bu haqda O‘zbekistondagi pitseriyalar tarmog‘i direktori Akmal Raimov “Spot"ga ma’lum qildi.

Bir kun avval “Dodo pizza” tarmog‘i rahbari Fyodor Ovchinnikov “Instagram"dagi sahifasida Toshkentning Chilonzor tumanida yettinchi pitseriya filiali ochilishi haqida yozgandi.

dodo pizza, pitseriya, toshkent shahri

Tarmoqning O‘zbekistondagi direktori Akmal Raimovning qayd etishicha, avgust oyi boshidan buyon kompaniya poytaxtda uchta pitseriya ochgan. Fyodor Ovchinnikovning e’lonida ta’kidlanganidan tashqari, Sergeli tumani va Lisunova ko‘chasida ham yangi filiallar ochilgan.

Raimovning so‘zlariga ko‘ra, joylar tez yetkazib berishni ta’minlashga qulay tarzda tanlanadi. “Dodo Pizza” buyurtmani 30 daqiqa ichida yetkazib berishga harakat qiladi, shuning uchun shaharning bir xil masofadagi joylarida yangi savdo nuqtalari ochilmoqda.

Ayni paytda poytaxtda 8 ta pitseriya ishga tushirilgan. Yana 2 ta joyda qurilish ishlari olib borilmoqda, 7 ta filial uchun mos binolar tanlanmoqda. Joriy yilning yakuniga qadar Toshkentdagi “Dodo pizza” filiallari soni 17 taga yetkaziladi.

Bundan tashqari, kompaniya hududlardagi potensial hamkorlar bilan muzokaralar olib bormoqda. Xususan, 2024-yilda Samarqand, Buxoro va boshqa shaharlarda pitseriya ochish rejalashtirilgan.


Avvalroq Qozog‘istonning “galmart” supermarketlar tarmog‘i Toshkentda ish boshlashni rejalashtirayotgani haqida xabar berilgandi. Birinchi supermarket “Tashkent City Mall” savdo-koʻngilochar markazida joylashadi.