“Ulyanovsk avtomobil zavodi” (UAZ) O‘zbekistonda avtomobillarni yig‘ishni yo‘lga qo‘ymoqchi, deya xabar berdi Toshkent viloyatidagi Chirchiq texnoparki matbuot xizmati.

Xususan, Rossiya avtomobil zavodi vakillari texnoparkka tashrif buyurib, uning faoliyati bilan tanishdi.

UAZ vakillari O‘zbekistonda avtomobil yig‘ishni boshlash niyati borligini ma’lum qildi va buning uchun texnopark maydonlarini ko‘rib chiqmoqda.

Ulyanovsk avtomobil zavodi” 1941-yilda tashkil etilgan bo‘lib, UAZsavdo markasi ostida yuqori o‘tish qobiliyatiga ega to‘liq g‘ildirakli yengil va kam tonnajli yuk-yo‘lovchi avtomobillarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. 2000-yildan “Sollers” avtomobil konserni tarkibiga kiradi.

2022-yil mart oyida prezident qarori bilan Toshkent viloyatida yuqori qo‘shimcha qiymatga ega bo‘lgan neft-kimyo va kimyo mahsulotlari ishlab chiqarishga qaratilgan Chirchiq kimyo-sanoat texnoparki tashkil etilgandi. Texnoparkni yaratish Qozonning “Ximgrad” texnopolisi bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda.

Joriy yilning aprel oyida “AvtoVAZ” O‘zbekistonda yangi Lada Vesta avtomobillarini yig‘ishni rejalashtirayotgani haqida xabar berilgandi. Iyun oyida kompaniya prezidenti Maksim Sokolov O‘zbekiston va Qozog‘iston uchun 2023−2024 yillarga mo‘ljallangan rejalarini ma’lum qildi.