Hukumat qarori bilan ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish vaqtida yuzaga keladigan nizolarni sudgacha hal qilish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

Unga ko‘ra, manfaatdor shaxs ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishda Davlat kadastrlari palatasi mas’ul xodimlarining harakatlari (harakatsizligi) ustidan shikoyat qilib, ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni ro‘yxatdan o‘tkazishda yuzaga keladigan nizolarni ko‘rib chiquvchi komissiyaga yozma yoki palata rasmiy sayti orqali onlayn murojaat qilishi mumkin.

Komissiya murojaatni kelib tushgan kundan e’tiboran ular soni bir yoki bir nechta bo‘lishidan qat’i nazar 10 ish kuni ichida ko‘rib chiqishi shart.

Manfaatdor shaxs yoki uning qonuniy vakili murojaatlar ko‘rib chiqilishida ishtirok etish huquqiga ega. Arizani ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha tegishli qaror qabul qilinadi.

Agar manfaatdor shaxs Komissiya qaroridan norozi bo‘lsa, uni olgan kundan boshlab 2 oy muddatda apellyatsiya komissiyasiga murojjat qiladi.

Shunga ko‘ra, Apellyatsiya komissiyasi murojaatni 10 ish kuni ichida ko‘rib chiqadi.

Manfaatdor shaxs Komissiya va apellyatsiya komissiyasi qarorlaridan norozi bo‘lgan holatlarda belgilangan muddatlarda sudga shikoyat qilishi mumkin.

Avvalroq qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida davlat boshqaruvini samarali tashkil etishga qaratilgan prezident farmoni qabul qilingandi.

Hujjat bilan, shaharsozlik sohasidagi ayrim mutaxassislarni har 3 yilda sertifikatlash tizimi joriy etiladi.