Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida davlat boshqaruvini samarali tashkil etishga qaratilgan prezident farmoni qabul qilindi.

Hujjat bilan, Toshkent shahar Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish bosh boshqarmasi va tumanlar bo‘limlari Toshkent shahri hokimligi bo‘ysunuvidan Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi bo‘ysunuviga o‘tkazilib, Toshkent shahar Uy-joy kommunal xo‘jaligi bosh boshqarmasi va tumanlar bo‘limlariga aylantiriladi.

Shuningdek, qurilish faoliyati subyektlarining (buyurtmachi, loyihachi, pudratchi bo‘yicha) majburiy tartibdagi nazorat tadbirlari “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimining “Qurilishda davlat nazorati” elektron platformasida amalga oshiriladi.

Shaharsozlik sohasidagi belgilangan toifa mutaxassislarni ularning faoliyat yo‘nalishlari bo‘yicha har 3 yilda bir marta sertifikatlash tizimi joriy etiladi.

Unga ko‘ra, joriy yilning 1-oktabridan quyidagi toifa uchun sertifikatlash amalga oshiriladi:

  • loyiha boshqaruvini va texnik nazoratni hamda yo‘nalishlar bo‘yicha nazoratni olib boruvchi mutaxassislar;
  • loyiha tashkilotlarining mualliflik nazoratini olib boruvchi mutaxassislar hamda loyiha bosh muhandislari va bosh arxitektorlari;
  • pudrat tashkilotlarining ichki nazoratini amalga oshiruvchi mutaxassislar.

2024-yildan esa quyidagi toifa mutaxassislari uchun:

  • nazorat o‘lchovini amalga oshiruvchi mutaxassislar;
  • ekspert tashkilotlari ekspertlari;
  • ko‘p kvartirali uylarni boshqarish organlari rahbarlari.

Shuningdek, kelasi yilning 1-aprelidan tuman (shahar) va viloyat arxitektorlari, qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish hududiy inspeksiyalari inspektorlarini sertifikatlash amalga oshiriladi.

Bunda, mutaxassislarni sertifikatlash ishlarini tashkil etish bo‘yicha ishchi organ funksiyasi vazirlik huzurida tashkil etilayotgan Kompetensiyani rivojlantirish institutiga yuklanadi.

Joriy yilning aprel oyida prezidentning tegishli farmoni bilan 2025-yilgacha ayrim qurilish materiallari va xomashyo turlariga bojxona boji bekor qilingandi.