Termiz shahri jamoat transporti uchun 100ta avtobus foydalanishga topshirildi, deya xabar bermoqda Transport vazirligi matbuot xizmati.

Unga ko‘ra, jamoat transporti xizmati ko‘rsatishni yaxshilash maqsadida Surxondaryo viloyatining Termiz shahrida “Toshshahartransxizmat” filiali tashkil etilgan.

Mazkur filialga 100ta “ISUZU” avtobusi olib kelinib, foydalanish uchun topshirildi. Xususan, avtobuslar shaharda yangidan tashkil etilgan yo‘nalishlarga biriktirilib, aholiga transport xizmatini ko‘rsatishi rejalashtirilgan.

Avvalroq Xitoyning “Yutong bus” kompaniyasi Namanganga 100ta avtobus yetkazib berishi ma’lum qilingandi. Kompaniya bilan ZK6890HG modelidagi avtobuslarni sotib olish bo‘yicha shartnoma imzolangan.

Joriy yilda shaharlararo avtobus yo‘nalishlarida zararlarni qoplashga budjetdan 7,3 mlrd so‘m subsidiya ajratilgan.