Joriy yilning sentabridan O‘zbekiston-Qirg‘iziston chegara-bojxona postlaridan ID-karta orqali o‘tish yo‘lga qo‘yildi. Bu ikki mamlakat fuqarolariga boshqa sayohat hujjatlari bilan birga ID-karta orqali ikki mamlakat chegarasini kesib o‘tish, kirish, chiqish, bo‘lib turish imkonini beradi.

Farg‘ona viloyati bilan Qirg‘izistonni bog‘lovchi to‘rtta chegara-bojxona postlarida mazkur tartib yo‘lga qo‘yildi, deya xabar bermoqda “UzA” nashri.

Bu qulaylik ikki davlat chegara postlaridan o‘tishdagi ortiqcha ovoragarchilik va vaqt sarflashning oldini oladi, deyiladi xabarda. Ma’lum bo‘lishicha, ikki davlat chegarasidan kuniga 25−30 ming kishi o‘tadi.

“Farg‘ona davlat universitetida o‘qiyman. Yil davomida to‘rtta post orqali o‘qishga qatnash natijasida pasportimiz sahifalari to‘lib ketar, yangisiga almashtirishga majbur edik, bu yangilik nur ustiga a’lo nur bo‘ldi”, — deydi So‘x tumanining “Tul” qishlog‘ida yashovchi Nigina Haydarova.

Shuningdek, aholi anklav hududda joylashgan Shohimardon qishlog‘iga ham ID-karta orqali o‘tishlari mumkin.

2022-yilning dekabrida Qirg‘iziston va O‘zbekiston chegarani kesib o‘tishda pasport nazoratini yengillashtirishga kelishib olgandi.

Yanvar oyiga kelib, 2006-yildagi hukumatlararo bitimga tegishli o‘zgartirishlar kiritildi. Hujjatga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha bayonnomalar almashinuvi 27-yanvar kuni Shavkat Mirziyoyevning Bishkekka tashrifi doirasida bo‘lib o‘tdi.

Aprel oyida prezident Qirg‘iziston bilan chegarani ID-karta orqali kesib o‘tish to‘g‘risidagi shartnomani ratifikatsiya qilish to‘g‘risidagi hujjatni imzoladi. May oyida Qirg‘iziston tomoni ham bu bo‘yicha tegishli qonun loyihasini qabul qildi.