Markaziy bank talabalar uchun stipendiya tanloviga arizalar qabul qilmoqda. Bu haqda regulyator matbuot xizmati xabar berdi.

Unda bakalavriat (kunduzgi o‘qish shakli) so‘nggi bosqichida hamda magistratura yo‘nalishlarida bank ishi, iqtisodiyot, buxgalteriya hisobi, moliya va IT yo‘nalishlari bo‘yicha ta’lim olayotgan quyidagi OTM talabalari ishtirok etishi mumkin:

  • Toshkentdagi Xalqaro Vestminster universiteti;
  • Toshkentdagi Vebster universiteti;
  • Toshkentdagi Singapur menejmentni rivojlantirish instituti;
  • Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti;
  • Toshkent moliya instituti;
  • Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti;
  • Toshkentdagi INHA universiteti;
  • Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston milliy universiteti.

Nomzodlar so‘nggi o‘quv yili natijalariga ko‘ra yuqori reyting ko‘rsatkichiga ega bo‘lishi (86% dan yuqori), davlat tilini mukammal bilishi kerak. Shuningdek, rus va ingliz tillarini kamida B2 darajasida bilish talab qilinadi.

Bundan tashqari, quyidagilarga ega bo‘lgan talabalarga ustunlik beriladi:

  • ASSA va boshqa xalqaro sertifikatlar;
  • Python (numpy, pandas, matplotlib) dasturlash tilida ishlay olish;
  • Data parsing (beautiful soup, selenium) dasturida ishlay olish;
  • Power BI, Qlik platformalarida ishlay olish;
  • IELTS 7 darajasiga ega bo‘lish;
  • sohaga oid xalqaro yoki respublika olimpiadasi g‘olibi yoki sovrindorlari.

Tanlovda ishtirok etishni xohlovchi nomzodlardan hujjatlar joriy yilning 13-sentabrigacha qabul qilinadi.

Batafsil ma’lumotlarni havola orqali hamda yuqoridagi OTMlar rektoratidan olish mumkin.


Avvalroq “mGovAward” tanlovining uchinchi to‘lqiniga arizalar qabul qilinayotgani haqida xabar berilgandi. Arizalarni 1-oktabrgacha jo‘natish mumkin.