AQShning “Arosa Systems” kompaniyasi O‘zbekiston bozoriga kirmoqchi. Bu haqda “O‘zcharmsanoat” uyushmasi matbuot xizmati xabar berdi.

Unga ko‘ra, uyushmasi raisi Faxriddin Boboyev Amerika kompaniyasi bosh direktori Guliya Vinikons bilan uchrashib, unda o‘zbekistonlik ishlab chiqaruvchilarning charm-poyabzal mahsulotlarini eksport qilish va ularni AQSh bozorlariga yanada kengroq chiqarish masalalarini muhokama qildi.

Tomonlar autsorsing va franchayzing shartlari asosida maxsus poyabzal ishlab chiqarishni O‘zbekistonda yo‘lga qo‘yish hamda qo‘shma investitsiya loyihalarini tashkil etish imkoniyatlarini ko‘rib chiqdilar.

Dastlabki bosqichda tekshirish va laboratoriya sharoitida tadqiq etish uchun poyabzal mahsulotlari namunalarini jo‘natish haqida kelishuvga erishildi.

Arosa Systems” sanoat jarayonlari uchun yong‘inni aniqlash va boshqarish bo‘yicha yuqori tezlikdagi tizimlarini butun dunyo bo‘ylab taqdim etadi.

Kompaniya hayot faoliyati xavfsizligi uchun mahsulotlar bo‘yicha o‘z liniyasiga ega ishlab chiqaruvchi hisoblanadi.

Shuningdek, global to‘qimachilik sanoatiga xizmat ko‘rsatish bilan shug‘ullanadi va endi boshqa tarmoqlar uchun ham xavfsizlik bo‘yicha o‘z yechimlarini butun dunyo bo‘ylab taklif etmoqda.

Avvalroq Daniyaning “Auluna” kompaniyasi O‘zbekistonda charm kiyimlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishi haqida xabar berilgandi.