Daniyaning “Auluna Private Lable” kompaniyasi O‘zbekistonda charm mahsulotlari ishlab chiqarishga qiziqishmoqda. Bu haqda “O‘zcharmsanoat” uyushmasi matbuot xizmati xabar berdi.

Bu bo‘yicha uyushmasi raisi Faxriddin Boboyev “Auluna” kompaniyasi bosh ijrochi direktori Kristian Aachman bilan uchrashuvda muzokaralar olib bordi. Kompaniya eko-charm charm mahsulotlari ishlab chiqarishni tashkil etish rejalarini bildirdi.

Kompaniyaning ishlab chiqarish quvvatlari Xitoyda joylashgan. Logistikaning murakkabligi tufayli tovarlar Yevropaga o‘rtacha 6−7 hafta ichida yetib boradi.

Shu sabab kompaniya ishlab chiqarishni tashkil etish uchun yangi joy qidirmoqda. O‘zbekiston esa asosiy nomzod sifatida qaralmoqda.

Investor ishlab chiqarishning bir qismini Xitoydan O‘zbekistonga ko‘chirish niyatida ekanligini, shuning uchun mamlakatdagi biznes muhitini va mintaqaning logistikaga oid xususiyatlarini har tomonlama o‘rganayotganini qayd etdi.

Rejada eko-charmdan ustki kiyim-kechak ishlab chiqarishni o‘zlashtirish ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, uyushma bilan Daniyada shourum tashkil etib, O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan poyabzal mahsulotlarini namoyish etish hamda Skandinaviya yarimoroli mamlakatlarida mahsulotlarni sotish uchun onlayn platforma yaratish tashabbusini ilgari surildi.

Tomonlar O‘zbekistonda eko-charmdan mahsulotlar ishlab chiqarishni tashkil etish bo‘yicha rejani batafsil ishlab chiqishga kelishib olishdi.

Auluna Private Lable” kompaniyasi 1965-yilda Daniyada tashkil etilgan. Kompaniya Skandinaviya mamlakatlari va Germaniyada eko-charm va to‘qimachilik mahsulotlaridan tayyorlangan kiyimlarning onlayn chakana savdosi bilan shug‘ullanadi.


Avvalroq O‘zbekistonda “Nike” brendi ostida poyabzallar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgani haqida xabar berilgandi.