Markaziy bank avgust oyi uchun aholi va tadbirkorlarning inflyatsion kutilmalariga oid infografikani e’lon qildi.

Unga ko‘ra, aholining inflyatsion kutilmalari keskin o‘sgan. Kutilmalar fevral oyidan buyon pasayib kelayotgan edi.

Tadqiqot ishtirokchilarining o‘rtacha inflyatsiya prognozi 14,2% ni tashkil etdi. Ularning 30%i narxlarning o‘sish sur’ati 9−12% oralig‘ida bo‘ladi deb taxmin qilmoqda.

Aholi narxlar o‘sishiga asosan valyuta kursining o‘zgarishi (70%), yoqilg‘i va energiya resurslarining qimmatlashishi (43%) hamda ish haqi va nafaqalarning oshishi (36%) ta’sir qilishi mumkin deya baholagan.

Faktorlar orasida keyingi o‘rinlarda bozorda monopoliyaning mavjudligi (33%) va narxlarning sun’iy oshirilishi (32%) keltirilgan. Shu bilan birga, kommunal xizmatlarning qimmatlashi 27%ni tashkil etdi.

Avgust oyi yakuni bo‘yicha aholi tomonidan sezilgan inflyatsion daraja esa 14,5%ni tashkil etdi.

Narxlari yuqori bo‘lgani qayd etilgan tovar va xizmatlarining eng yuqori uchligidan go‘sht va sut (45%), benzin va yoqilg‘i (40%) hamda qurilish mollari (33%) joy olgan.

Hududlar kesimida eng yuqori inflyatsiya Toshkent shahri (16,4%) va Sirdaryo viloyati (16,2%)da sezilgan. Eng past ko‘rsatkich esa Namanganga (13%) to‘g‘ri keladi.