“X” (sobiq Twitter)dan foydalanish pullik bo‘lishi mumkin. Bu haqda ijtimoiy tarmoq egasi Ilon Mask ma’lum qildi, deya xabar bermoqda “Forbes” nashri.

Isroil bosh vaziri Benyamin Netanyaxu bilan kechgan jonli efirdagi muloqotida Mask barcha foydalanuvchilardan har oy “oz miqdorda” to‘lov olish imkoniyatini ko‘rib chiqayotganini qayd etgan.

“O‘ylashimcha, bu botlarning katta armiyasiga qarshi kurashish mumkin bo‘lgan yagona yo‘l”, — dedi tadbirkor.

Maskning tushuntirishicha, botlarni yaratish “arzimas pul” turadi, ammo “Twitter"dan foydalanish uchun “bir necha dollar” yoki “qanchadir miqdor” to‘lash kerak bo‘lsa, bu juda qimmatga tushadi.

Shuningdek, u hozirda botlardan foydalanayotgan sun’iy intellekt odamlarga qaraganda botlarni aniqlash uchun mo‘ljallangan “Captcha” testlaridan yaxshiroq o‘tishini aytdi.

Joriy yilning iyun oyida “Twitter” o‘z nomini “X"ga o‘zgartirishi ma’lum qilindi. Undan keyin, iyul oyida ijtimoiy tarmoq yangi muqobil manziliga (X.com) ega bo‘ldi.