Avvalroq Shavkat Mirziyoyev elektron hukumatni rivojlantirish bo‘yicha ko‘rsatmalar bergandi. Mamlakatda BMTning elektron hukumat reytingida TOP-30talikka kirish vazifasi qo‘yilgan.

Tashkilotning mazkur hisobotida O‘zbekiston reytingini yaxshilash bo‘yicha prezident qarori qabul qilindi.

Unga ko‘ra, kelasi yilning 1-iyunidan qoida tarzida yangi raqamli xizmatlar va servislar birinchi navbatda Yagona portalning mobil ilovasida joriy etiladi.

2024-yil yakunigacha portalda ko‘rsatilayotgan xizmatlar soni 700taga, ularning avtomatlashganlik darajasi 65%ga yetkaziladi. Raqamli xizmatlar va servislarning kamida 75%i mobil ilova orqali ko‘rsatilishi yo‘lga qo‘yiladi.

Shuningdek, quyidagi maxsus portallar ishga tushiriladi:

  • 2024-yildan raqamli hukumat tizimi hamda uning aholi va tadbirkorlarga taqdim etadigan imkoniyatlari haqida batafsil ma’lumot beruvchi;
  • kelasi yilning 1-iyunidan mamlakat hududidagi yashil hudud, bog‘ va jamoat parklari haqida axborot beruvchi;
  • 2024-yilning 1-sentabridan Toshkentda jamoat transporti harakati haqida axborot beruvchi.

Shoshilinch tezkor xizmatlar bo‘yicha aholining chaqiruvlarini qabul qilish va ularni tezkor ravishda qayta ishlash bo‘yicha “112” yagona markazlashgan dispetcherlik xizmati faoliyatini mamlakatning barcha hududlarida bosqichma-bosqich tashkil etish bo‘yicha normativ-huquqiy hujjat loyihasi ishlab chiqiladi.

Joriy yilning 1-noyabridan “oxirgi milya” tamoyili asosida tadbirkorlar bilan hamkorlikda aholi xonadonlariga keng polosali Internet tarmoqlarini olib borishga qaratilgan hamkorlik dasturi amalga oshiriladi.

2024-yil yakunigacha magistral telekommunikatsiya tarmog‘i va aholi yashash maskanlarida qo‘shimcha 50 ming kilometr optik tolali aloqa liniyalari quriladi.

Avvalroq naslchilik xo‘jaligi maqomini berish bo‘yicha xizmatlar Yagona portal orqali ko‘rsatilishi hamda xalqaro imtihon xarajatlarini qoplash jarayoni to‘liq onlayn amalga oshirilishi ma’lum qilingandi.

“Spot” xalqaro imtihon xarajatlariga kompensatsiyani qanday olish bo‘yicha qo‘llanma taqdim etgandi.