O‘tgan hafta (18−22 sentabr) davomida valyuta bozorida qariyb 10,4 trln so‘m miqdorida bitimlar tuzildi. Bu haqda O‘zbekiston valyuta birjasining matbout xizmati xabar berdi.

Xususan, 22-sentabr kuni bo‘lib o‘tgan savdolar natijalariga ko‘ra AQSh dollarining so‘mga nisbatan o‘rtacha tortilgan kursi 12 212,07 so‘m darajasida belgilandi. O‘tgan haftaning oxiriga nisbatan o‘zgarish 0,30%ni tashkil etdi.

Hafta yakunlariga ko‘ra, pul bozorida 11,5 trln so‘mlik bitimlar tuzildi. Bunda, mablag‘larni jalb qilish/joylashtirish bo‘yicha banklararo operatsiyalar hajmi 7,7 trln so‘mni tashkil etdi.

Markaziy bankning depozit auksionlari hajmi 1,3 trln so‘mga va REPO operatsiyalari hajmi 2,5 trln so‘mga teng bo‘ldi.

Shuningdek, hafta yakuniga borib, qarz bozorida davlat qimmatli qog‘ozlari bilan tuzilgan bitimlar 1,5 trln so‘mni tashkil etdi.

Birlamchi auksionlar hajmi 0,96 trln so‘mga, ikkilamchi bozorda tuzilgan bitimlar esa 0,58 trln so‘mga yetdi.

220-sentabr, juma kuni Markaziy bank dollar kursi yana maksimal darajada yangilandi. Dollarning auksiondagi qiymati ketma-ket ikkinchi kun eng yuqori darajaga yetdi. Bir kun avval, 21-sentabr kuni birinchi marta 12 190 so‘mga yetgandi.

“Spot” O‘zbekistonda dollar kursining o‘sishiga ta’sir etuvchi sabab va omillar tahlilini e’lon qilgandi.

Avvalroq 15-sentabr kuni Markaziy bank 18-sentabrdan tijorat banklari uchun valyuta operatsiyalariga qo‘yiladigan talablarni kuchaytirayotganini ma’lum qilgandi. Biroq regulyator raisi Mamarizo Nurmuratov bu qaror bekor qilinganini bildirdi.