Shveysariya Bosh prokuraturasi Gulnora Karimovaning jinoiy ishini mamlakat federal sudiga o‘tkazdi. Bu haqda boshqarma saytida xabar berilgan.

O‘zbekiston birinchi prezidentining qizi bilan bir qatorda “Rossiya telekommunikatsiya kompaniyasi sho’ba korxonasi"ning sobiq bosh direktori ham ayblanmoqda. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, ular xalqaro jinoiy fitnada qatnashgan (Shveysariya Jinoyat kodeksining 260.3-moddasi).

Bundan tashqari, Karimova va uning sherigi jinoiy daromadlarni legallashtirish (305.2-modda), xorijiy mansabdor shaxslar sifatida pora olish (322.7-modda) va hujjatlarni qalbakilashtirish (251-modda)da ayblanmoqda.

Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, Gulnora Karimova 2001-yildan kechiktirmay “ofis” nomi bilan mashhur bo‘lgan o‘nlab kishilardan iborat guruh tuzgan. 2005-yildan buyin guruh Shveysariyada mahalliy banklarda jinoiy daromadlarni yuvish va ko‘chmas mulk sotib olish bilan shug‘ullangan.

Karimovaning “ofisi” O‘zbekiston telekom bozoriga kirishni rejalashtirgan xorijiy kompaniyalardan pora olgan. Ikkinchisi o‘z foydasiga qaror qabul qilish uchun tegishli kompaniyalarga to‘lovlarni to‘lashi kerak edi.

“Gulnora Karimova prezidentning qizi va mansabdor shaxs sifatidagi ikki tomonlama maqomidan foydalangan, bu esa unga kompaniyalarning telekommunikatsiya sohasiga kirishi va faoliyatiga ruxsat berish masalalarida davlat amaldorlari ustidan cheksiz ta’sir ko‘rsatgan”, — deyiladi xulosada.

Pora pullari bir qancha mamlakatlardagi qator kompaniyalar ishtirokidagi murakkab tarmoq orqali o‘tkazilgan. Tekshiruv davomida “ofis"ga aloqador 100dan ortiq shirkatlar aniqlangan, ularning benefitsiarlari Karimova uchun niqob vazifasini o‘tagan.

Prokuratura ma’lumotlariga ko‘ra, Gulnoraning o‘zi guruhdagi asosiy shaxs bo‘lib, uning tuzilmalari nomidan hisobvaraqlar ochish, noqonuniy aktivlarni o‘tkazish va buning uchun soxta hujjatlar tayyorlashda ishtirok etgan. Uning sherigi go‘yoki O‘zbekistondagi korrupsion sxemalarni ishlab chiqish va boshqarishda ishtirok etgan.

Shuningdek, prokuratura guruhni kattaligi, vazifalar taqsimoti va nazorat qilinadigan aktivlar hajmini hisobga olgan holda “professional korxona"ga qiyosladi. “Ofis” bir qator majburiy me’yorlarga rio qilgan, shu bilan birga, qo‘rqitish va zo‘ravonlikka murojaat qilgan, deyiladi xulosada.

Shveysariyada “ofis” ishi bo‘yicha jami 780 mln frank ($858 mln) qiymatidagi aktivlar qo‘lga olingan. Bunga bank hisobvaraqlaridagi mablag‘lar, ko‘chmas mulk, naqd pul va seyflardagi qimmatbaho narsalar kiradi.

Ayni damda O‘zbekistonga qaytarish maqsadida 340 mln frank ($374 mln) musodara qilingan. Ayblov tomoni 440 mln frankdan ($484 mln) ko‘proqqa baholangan qolgan aktivlarni olib qo‘yishni so‘ragan.

Avvalroq Gulnora Karimovaning qaytarilgan mol-mulki O‘zbekistonda onalar va bolalar o‘limini kamaytirishga yo‘naltirilishi haqida xabar berilgandi.