Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) ekspertlari poytaxt tumanlarida taklif etilayotgan uy-joy narxlari o‘zgarishi va ijarasining bir yillik daromadliligini hisoblab chiqdi.

Unga ko‘ra, joriy yilning avgust oyida uylarning o‘rtacha narxi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan eng yuqori o‘sish Yunusobod (37,1%) va Mirzo Ulug‘bek (35,7%) tumanlarida qayd etildi. Eng past o‘sish esa Sergeli (27,8%) va Olmazor (24,4%) tumanlarida kuzatildi.

Bundan tashqari, uylarni ijaraga berishdan eng yuqori daromad Mirzo Ulug‘bek (12%) va Chilonzor (10,6%) tumanlarida, nisbatan pastroq daromad esa Sergeli (8,5%) va Uchtepa (8,2%) tumanlarida olinmoqda.

Tahlillar 2 va 3 xonali turar joylarning investitsion daromadliligi yuqori ekanini qayd etgan. Bu toifalar bo‘yicha eng yuqori daromad Mirzo Ulug‘bek va Mirobod kabi tumanlarga to‘g‘ri keladi.

Xususan, Mirzo Ulug‘bek tumanida 2 va 5 xonali ijara uylarning daromadliligi 50%dan yuqori. Mirobod tumanida esa bu ko‘rsatkich 3 va 4 xonali uylar hissasiga to‘g‘ri keladi.

ijara narxlari, narxlar, toshkent shahri, uy-joy ijarasi

Shuningdek, Chilonzor va Yunusobod tumanlarida 4 xonali uylarning daromadlilik ko‘rsatkichi 55%dan yuqori ko‘rsatkichda shakllanganini ko‘rish mumkin.

Umuman, 2 va 3 xonali turar joylar risk va daromadning jozibali muvozanatini taklif qilib, investorlar va uy-joy oldi-sotdisi bilan shug‘ullanuvchilar uchun mustahkam daromad ko‘rsatkichi bilan jozibador variantga aylangani qayd etilgan.

Avvalroq avgust oyida poytaxtda ko‘chmas mulk savdosi hajmi 10%ga oshdi, o‘rtacha ijara narxi esa 2%ga o‘sgani haqida xabar berilgandi.

Uy-joy ijarasi uchun eng yuqori narxlar poytaxtning Shayxontohur (1 kv.m $11,3dan), Yakkasaroy ($11) va Mirobod ($11,5) tumanlarida qayd etildi.

Kvartirani ijaraga olish Toshkentning Uchtepa ($7,1), Sergeli ($6,7) va Bektemir ($5,6) tumanlarida eng maqbul narx bo‘lib qolmoqda.