Avvalroq Shavkat Mirziyoyev va Qatar amiri shayx Tamim bin Hamad Ol Soniyning ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalari ishtirokidagi muzokaralari o‘tkazilgani haqida xabar berilgandi.

Muzokaralardan so‘ng ikki tomonlama hujjatlarni imzolash marosimi bo‘ldi. Xususan, hamkorlikning turli sohalarini qamrab oluvchi quyidagi hujjatlar imzolandi:

  • O‘zbekiston va Qatar Hukumati o‘rtasida turizm va ishbilarmonlik tadbirlari sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bitim;
  • O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi va Qatar Ijtimoiy rivojlanish va oila vazirligi o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida memorandum;
  • O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi va Qatar Ichki ishlar vazirligi o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi;
  • O‘zbekiston Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi va Qatar Investitsiya agentligi o‘rtasida investitsiyaviy hamkorlik to‘g‘risida o‘zaro anglashuv memorandumi;
  • O‘zbekiston Korrupsiya qarshi kurashish agentligi va Qatar Ma’muriy nazorat va shaffoflik boshqarmasi o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi.

Bundan tashqari, tashrif doirasida quyidagi kelishuvlarga erishildi:

  • O‘zbekiston Din ishlari qo‘mitasi va Doha dinlarararo muloqot xalqaro markazi o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi;
  • O‘zbekiston Inson huquqlari bo‘yicha milliy markazi va Qatar Davlati Inson huquqlari bo‘yicha milliy qo‘mitasi o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi;
  • O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi va Qatar Savdo-sanoat palatasi o‘rtasida qo‘shma ishbilarmonlar kengashini tuzish to‘g‘risida bitim;
  • O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi va Qatar Savdo-sanoat palatasi o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi.

Joriy yilning iyun oyida O‘zbekiston va Qatar o‘rtasida 15ta hujjat imzolangandi. Qatar kompaniyalari energetika, gaz-kimyo sanoati, qishloq xo‘jaligi hamda logistika kabi tarmoqlarda umumiy qiymati $12 mlrddan ortiq loyihalarni amalga oshirishda ishtirok etadi.

Shuningdek, iyun oyida Qatar fuqarolari uchun O‘zbekiston hududiga kirgan kundan e’tiboran 30 kunlik muddatga vizasiz rejim belgilandi.

Sentabr oyida “Xalqaro shartnomani tasdiqlash to‘g‘risida"gi prezident qarori qabul qilindi. Unga ko‘ra, O‘zbekiston va Qatar hukumatlari o‘rtasida oliy ta’lim va ilmiy tadqiqotlar sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi bitim tasdiqlandi.