Hukumat qarori bilan “Yashil” iste’mol krediti bo‘yicha foiz to‘lovlarining bir qismini qoplab berish tartibi to‘g‘risida"gi nizom qabul qilindi.

Unga ko‘ra, Tarmoqlararo energiyani tejash jamg‘armasi tomonidan qiymati BHMning 500 baravaridan (165 mln so‘m) hamda foiz stavkasi Markaziy banki asosiy stavkasining 1,5 baravaridan oshmagan yashil iste’mol kreditlari bo‘yicha foiz stavkasining Markaziy bank asosiy stavkasidan oshgan, biroq 5%li banddan ko‘p bo‘lmagan qismini qoplab berish uchun 3 yil muddatgacha kompensatsiya ajratiladi.

“yashil” iste’mol krediti — quyosh fotoelektr stansiyasi, quyosh suv isitkichlari va shamol elektr stansiyalarini o‘rnatish maqsadlari uchun jismoniy shaxslarga milliy valyutada ajratiladigan kredit.

Kompensatsiya murojaat sanasida tijorat banklarining skoring tizimidan ijobiy xulosa olgan, kreditlar va soliqlar bo‘yicha muddati o‘tgan qarzdorligi mavjud bo‘lmagan jismoniy shaxslarning yashil iste’mol kreditlari bo‘yicha ajratiladi.

Hujjatlar jamg‘armaga tushgan sanadan 2 ish kunida ko‘rib chiqiladi hamda kompensatsiya ajratish yoki kompensatsiya ajratishni rad etish to‘g‘risida ma’lumotnoma rasmiylashtiriladi.

Kompensatsiya ajratish rad etilmagan buyurtma ko‘rib chiqilgandan so‘ng 3 ish kunida tijorat bankiga kompensatsiya o‘tkazib beradi.

Jamg‘arma tijorat banklarining kreditlari bo‘yicha kompensatsiya ajratishni quyidagi holatlarda to‘xtatadi:

  • foiz to‘lovlari kompensatsiya qilinadigan kreditdan maqsadsiz foydalanilganda;
  • qarz oluvchi to‘lovlar jadvaliga muvofiq bankka to‘lovlarni to‘lash majburiyatlarini 3 oy ichida ketma-ket bajarmaganda;
  • qarz oluvchidan kredit summasi va unga hisoblangan foizlar muddatidan oldin undirilganda;
  • tijorat banki va qarz oluvchi o‘rtasida kredit shartnomasi bekor qilinganda yoki haqiqiy emas deb topilganda;
  • qarz oluvchining bank hisobvarag‘idagi mablag‘lari xatlovga olinganda;
  • qarz oluvchining yoki tijorat bankining taqdim etgan hujjatlarida ishonchsiz yoki noto‘g‘ri ma’lumotlar taqdim etilganligi aniqlanganda.

Kompensatsiya ajratilgan jismoniy shaxsning yangi “yashil” iste’mol krediti bo‘yicha quyidagi hollarda takroran kompensatsiya ajratilishi mumkin:

  • amaldagi kredit shartnomasi bo‘yicha kredit qarzdorligi to‘liq qaytarilganda;
  • “yashil” iste’mol kreditini ajratish to‘g‘risidagi shartnoma bekor qilinganda yoki haqiqiy emas deb topilganda;
  • jamg‘arma tomonidan kompensatsiya ajratishni to‘xtatish haqida qaror qabul qilinganda.

Avvalroq “Spot” yashil energiya sertifikatini berish tartibi belgilangani haqida yozgandi.

Unga ko‘ra, sertifikatlarni hisobga olish, savdosini tashkil qilish hamda monitoringini yuritish ishlari emitent nomidan Yashil iqtisodiyot loyihalari markazi loyiha ofisi tomonidan amalga oshiriladi.