Yil oxirigacha Toshkent viloyatidagi “Chirchiq” kimyo-industrial texnoparkida 10ta yangi ishlab chiqarish quvvatini ishga tushirish rejalashtirilgan. Bu haqda Tataristonning “Ximgrad” texnopolisi bosh direktori Ayrat Gizzatullin “TASS” nashriga ma’lum qildi.

Uning qayd etishicha, hozirda “Ximgrad” bilan hamkorlikda tashkil etilgan mazkur texnoparkda beshta kompaniya ishlab chiqarish faoliyatini boshlagan.

“Joriy yil oxirigacha yana 10ta ishlab chiqarish obyektini ishga tushiramiz, jami $255 mlnlik investitsiya hajmiga ega 34ta loyiha ustida ishlayapmiz, ularning bir qismida allaqachon loyihalashtirish va qurilish-montaj ishlari olib borilmoqda”, — deydi Gizzatullin.

Avvalroq Shavkat Mirziyoyevning Tatariston raisi Rustam Minnixanov bilan o‘tgan muzokaralari davomida mazkur texnopark faoliyati ham qayd etilgandi.

2022-yilning fevral oyida prezident qarori bilan “Ximgrad” texnopolisi bilan “Chirchiq” kimyo-industrial texnoparkini tashkil etish belgilangandi. Tatariston ishtirokida birinchi texnopark mart oyida ochildi.

Uning asosiy yo‘nalishlariga yuqori qiymatga ega bo‘lgan, tashqi bozorda xaridorgir va import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarishni tashkil etish uchun xorijiy va mahalliy investitsiyalarni jalb qilish, xalqaro standartlarga muvofiq energiya tejamkor, atrof-muhit muhofazasini taʼminlashga qaratilgan va ekologik xavfsiz ishlab chiqarish quvvatlarini barpo etish kabilar kiradi.

Joriy yilning aprel oyida mazkur texnopolis bilan Jizzaxda O‘zbekiston-Tatariston ikkinchi qo‘shma texnoparki ochildi.