Farg‘onada tadbirkorlar qariyb $6 mlnlik tabiiy gazni talon-toroj qildi.

“O‘zenergoinspeksiya” tomonidan Farg‘ona viloyatida o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida 2ta tadbirkorning tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlandi. Bu haqda “O‘zbekiston24” telekanali xabar berdi.

Xususan, viloyatning Uchko‘prik tumanidagi tadbirkor yashirin sexga magistral quvur orqali yashirin gaz olib kelib, g‘ishtlar tagida ohaktoshlarni kuydirishi ma’lum bo‘ldi.

Xuddi shu yo‘l bilan, uzoq vaqtdan buyon ohaktosh kuydirayotgan yana bir tadbirkor viloyatning O‘zbekiston tumanida aniqlanib, uning faoliyatiga chek qo‘yildi.

Uchko‘prik tumanidagi tadbirkor tabiiy gazdan noqonuniy foydalanishi oqibatida davlatga 73 mlrd so‘m, O‘zbekiston tumanidagi tadbirkor esa 204 mln so‘m zarar yetkazgan. Jami hisoblangan zarar 73,2 mlrd so‘m yoki $5,9 mlnni tashkil etadi.

Har ikki holat yuzasidan qonun buzarlarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan.

Avvalroq bir oyda 111,2 mlrd so‘mlik elektr va tabiiy gaz talon-toroj qilingani ma’lum bo‘lgandi.