O‘tgan oyda O‘zbekistonda elektr va tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish natijasida tizimga 111,2 mlrd so‘m zarar yetkazilgan. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

“O‘zenergoinspeksiya” tomonidan sentabr oyida o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida 911ta holatda iste’molchilar tomonidan tabiiy gaz va elektrdan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlandi.

Bunda 94,5 mln metr kub tabiiy gaz (91,6 mlrd so‘m) va 42,9 mln kVt⋅soat elektr energiyasi (20,4 mlrd so‘m) talon-toroj qilingan. Natijada tizimga keltirilgan jami 111,4 mlrd so‘m zarar undirishga qaratildi.

Bu hajmdagi tabiiy gaz hozirgi kunda 472 665ta xonadonning, elektr energiyasi esa 214 805ta xonadonning bir oylik iste’molini qoplashga yetardi.

Noqonuniy foydalanish holatlarining eng ko‘pi Samarqand, Farg‘ona va Toshkent viloyatlari hissasiga to‘g‘ri keladi.

Qoidabuzar iste’molchilarga nisbatan belgilangan tartibda choralar ko‘rilib, tegishli hujjatlar huquqni muhofaza etuvchi organlarga taqdim qilindi.

Avvalroq Andijonda 3ta iste’molchi 1,5 mlrd so‘mdan ortiq, Samarqand va Jizzaxdagi 2 ta zapravka 2,3 mlrd so‘m, Sirdaryo, Surxondaryo va Farg‘ona viloyatlarida 1,4 mlrd so‘m, Toshkent shahri va viloyatidagi 3ta iste’molchi 1,7 mlrd so‘m, Samarqanddagi 7ta korxona 2 mlrd so‘mdan ortiq zarar yetkazgani aniqlangandi.