2024-yilda Qozon va Toshkent o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri poyezd qatnovlari ochilishi rejalashtirilgan. Bu haqda Tatariston transport vazirligi boshlig‘i Farit Hanifov ma’lum qildi, deya xabar bermoqda shahar meriyasi matbuot xizmati.
Qayd etilishicha, reyslarni qayta tiklash taklifi Rossiya temir yo‘llari markaziy boshqarmasiga yuborilgan.
Mazkur yo‘nalishdagi poyezdlar qatnovi 2020-yilda koronavirus pandemiyasi sababli to‘xtatilgan edi.
Ayni paytda ularning qayta tiklanishi uchun temir yo‘l o‘tgan barcha davlatlarning roziligi talab qilinadi.
Ular orasida O‘zbekiston va Rossiyadan tashqari Qozog‘iston ham bor. Rossiya allaqachon rozi bo‘lgan va boshqa davlatlar hujjatni ko‘rib chiqmoqda.
Bundan tashqari, Tatariston va O‘zbekiston o‘rtasidagi parvozlar intensivligini oshirish masalasi ko‘rib chiqilmoqda.
Ayni paytda Qozon va Toshkent o‘rtasida haftasiga ikkita samolyot parvoz qilmoqda.
Shuningdek, “UVT Aero” 23-sentabrdan Qozondan Samarqandga parvozlarni boshlashi haqida ma’lum qilingandi.
Rossiya kompaniyasining aviareysi haftada bir marta — shanba kunlari olib boriladi. Chiptalar narxi 150 yevrodan boshlanadi.
Avvalroq “Spot” Shavkat Mirziyoyev Tatariston raisi Rustam Minnixanov bilan muzokara olib borgani haqida yozgandi.
Metallarga ishlov berish, axborot-kommunikatsiya, uy-joy kommunal soahalarida kooperatsiya loyihalarini amalga oshirish, ta’lim, turizm kabilar bo‘yicha hamkorlikni kengaytirish ko‘rib chiqildi.