Joriy yilning 10-oktabridan 30-oktabrigacha Toshkentdagi ayrim ko‘chalar avtomobil qatnovi uchun yopiladi. Bu haqda “Veolia Energy Tashkent” kompaniyasi matbuot xizmati xabar berdi.

Bunda, Yashnobod tumanidagi ko‘chalar bo‘ylab avtomobil yo‘l qatnovining ma’lum qismini yopgan holda tarmoq quvurlarini o‘tkazish ishlari olib boriladi.

Xususan, “Ashrafi” va “Izzat” ko‘chalari chorrahasidan “Birlashgan” va “Izzat” ko‘chalari chorrahasigacha — diametri 600 mm va uzunligi 60 m quvurlar almashtiriladi.

Shuning uchun, avtomobil qatnov yo‘li “Ashrafi” va “Izzat” ko‘chalari chorrahasidan “Beshariq” va “Izzat” ko‘chalari chorrahasigacha yopiladi.

Qayd etilishicha, mazkur ishlar issiq suv ta’minoti iste’molchilariga cheklovlarsiz amalga oshiriladi.

Avvalroq Toshkent aeroporti yaqinidagi ko‘prik orqali avtobus va yuk mashinalarining harakatlanishi taqiqlangandi. Undan keyin, vaqtinchalik bepul mikroavtobus harakati yo‘lga qo‘yildi.

3M-sonli 2ta mikroavtobus Xalqaro aeroport bekati bilan Yakkasaroy TIIB bekati oralig‘ida harakatlanadi.