O‘zbekiston va Chexiya sanoat mahsulotlarini Yevropa standartlari bo‘yicha sertifikatlash sohasida hamkorlik qilishga kelishib oldi, deya xabar berdi hukumat matbuot xizmati.

Joriy yilning 10-oktabr kuni Chexiyada mamlakat bosh vaziri Petr Fiala boshchiligida O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov bilan uchrashuv o‘tkazildi.

Unda ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikni rivojlantirish ishlari va keyinigi vazifalar ko‘rib chiqildi. O‘zbekistonda Chexiya kapitali ishtirokida 50ga yaqin korxona faoliyat yuritayotgani qayd etildi.

Joriy yilning yanvar-avgust oylarida o‘zaro savdo hajmi qariyb 2,5 barobar o‘sdi. Bunga O‘zbekiston Yevropa Ittifoqi Preferensiyalar bosh tizimiga (“GSP+”) qo‘shilgani ham yordam bergani ta’kidlandi.

Biroq, bu ko‘rsatkich mavjud salohiyatga mos emasligi, o‘zaro savdodagi disbalansni to‘g‘rilash bo‘yicha faol ishlash zarurligi, O‘zbekiston YeIning yuqori standartlari va texnik reglamentlariga mos keladigan tayyor mahsulotlarni eksport qilishdan manfaatdorligi qayd etildi.

Shundan kelib chiqib, O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan sanoat mahsulotlarining Yevropa bozorlariga chiqishida yagona “CЕ” (Certification Europe) belgisi bilan sertifikatlash maqsadida sinovdan o‘tkazish sohasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish taklif etildi.

Bundan tashqari, investitsiya, qurilish, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sanoati, transport, bandlik, ta’lim, tibbiyot hamda turizm kabi yo‘nalishlar bo‘yicha o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash va uni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Avvalroq Italiyaning “Assomac” assotsiatsiyasi O‘zbekistonda texnologik markazini ochishni rejalashtirayotgani haqida xabar berilgandi. Assotsiatsiya loyiha uchun $1,5 mln ajratish bo‘yicha qaror qabul qildi. Markaz charmsanoat va tekstil sanoati uchun uskunalar ishlab chiqarishni qamrab oladi.