Italiyaning charm buyumlar va ko‘nchilik texnologiyalar milliy assotsiatsiyasi O‘zbekistonda texnologik markaz barpo etishni rejalashtirmoqda. Bu haqda “O‘zcharmsanoat” uyushmasi matbout xizmati xabar berdi.

Bu bo‘yicha, Milanda o‘tkazilgan “SIMAC” (TANNING-TECH) ko‘rgazmasi doirasida uyushma raisi Faxriddin Boboyev mamlakatning “Assomac” milliy assotsiatsiyasi boshqaruvchi direktori Roberto Vago bilan muzokaralar o‘tkazdi.

Assotsiatsiya O‘zbekiston charm-sanoatida texnologik markaz barpo etish uchun $1,5 mln ajratish bo‘yicha qaror qabul qildi.

U charmsanoat va tekstil sanoati uchun uskunalar ishlab chiqarish sohalarini qamrab oladi. Markaz mamlakatga mahalliy brendlar bilan hamkorlik qilish bo‘yicha yordam berishga tayyorligini bildirdi.

Shuningdek, uyushmaning Germaniya poyabzal va attorlik federal uyushmasi bilan o‘tkazilgan uchrashuvida mamlakat brendlarini O‘zbekistonga jalb etish bo‘yicha dastur ishlab chiqishga kelishildi.

Oktabr oyida Germaniyaning 6ra brendidan iborat delegatsiyasi O‘zbekistonga tashrif buyurib, ishlab chiqarish jarayonlari bilan yaqindan tanishishi, mahalliy korxonalar bilan hamkorlik qilish bo‘yicha kelishuvlar imzolanishi rejalashtirilgan.

Shuningdek, “Autsorsing” asosida ishlash bo‘yicha yangi hamkorlar topishi kutilmoqda.

Italiyaning “Aldo Brue” brendi mamlakatda o‘z ishlab chiqarishini yo‘lga qo‘yishni rejalashtirgan. Investitsion kelishuvga asosan yangi korxonada “premium klas"dagi poyabzallar ishlab chiqarilishi rejalashtirilgan.

Tomonlar xalqaro standartlarni joriy qilish, ishlab chiqarishni raqamlashtirish bo‘yicha ham kelishuvlarga erishdi.

Avvalroq AQShning “Arosa Systems” kompaniyasi O‘zbekistonda maxsus poyabzal ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirayotgani haqida xabar berilgandi.