Joriy yilning may oyida prezidentning “Yoqilg‘i-energetika sohasida davlat nazorati mexanizmlarini takomillashtirish va “raqamli energonazorat” tizimini joriy etish to‘g‘risida"gi farmoni qabul qilingandi.

Hukumat qarori bilan elektr, issiqlik energiyasi, gazdan foydalanish qoidalarini buzish bilan bog‘liq huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi fotosuratlar va videoyozuvlarni qabul qilish, ko‘rib chiqish hamda ularni taqdim etganlarni rag‘batlantirish tartibi tasdiqlandi.

1-noyabrgacha yoqilg‘i-energiya resurslarini talon-toroj qilishning oldini olish hamda ulardan to‘g‘ri foydalanish sohasida jamoatchilik nazoratini o‘rnatishga qaratilgan “Uzenergo” mobil ilovasi ishlab chiqiladi.

Aholining videokuzatuv va tasvirga olish texnika vositalari hamda mobil qurilmalari orqali qayd etilgan huquqbuzarliklar Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksida belgilangan tartibda ko‘rib chiqiladi.

Mazkur foto va video materiallarda elektr, issiqlik energiyasi, gazdan foydalanish qoidalarini buzgan huquqbuzar, u haqidagi ma’lumotlar)agar mavjud bo‘lsa), shuningdek, huquqbuzarlik sodir etilgan manzil, geografik joylashuvi, sanasi va vaqti aks ettirilishi lozim.

Shu bilan birga, materiallarni axborot tizimiga yuborishda fuqaroning familiyasi, ismi, otasining ismi, doimiy (vaqtincha) yashash manzili hamda telefon raqami, bank plastik kartasi raqami va elektron pochta manzili ko‘rsatilishi kerak.

Foto va video materiallarga har qanday tarzda o‘zgartirishlar kiritish taqiqlanadi. Bunday materiallar ko‘rib chiqilmaydi.

Lekin, hajmini qisqartirish maqsadida videoyozuvning bevosita huquqbuzarlik aks ettirilgan qismini kesib olish mumkin (qoida tarzida, videoyozuvning davomiyligi 120 sekunddan oshmasligi lozim).

Huquqbuzarlik aks ettirilgan foto va video materiallarni yuborgan fuqarolar quyidagicha rag‘batlantiriladi:

  • elektr va issiqlik energiyasini behuda sarflash (Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 100-moddasi bilan) — undiriladigan jarimaning 10%i miqdorida;
  • umumiy foydalanishdagi tarmoqlarga tijorat maqsadlarida ulanish yoxud hisobga olish asboblarining ko‘rsatkichlarini o‘zgartirish (101-modda) — 7%;
  • o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalarida qurilgan bino-inshootlarni energiya tarmoqlariga ulash (101-modda) — 2%;
  • elektr tarmoqlarini muhofaza qilish qoidalarini buzish (102-modda) 20%;
  • gazdan yoqilg‘i yoki xomashyo sifatida foydalanish (103-modda) 20%;
  • boshqa huquqbuzarliklar — BHMning 30%i (99 ming so‘m).

Avvalroq joriy yilning 1-noyabridan iste’molchilarga ehtiyojlari uchun zarur bo‘lgan qurilmalarning minimal quvvatidan (hamda joylashgan hududidan) kelib chiqib, hisoblagich orqali 10−15 kW quvvat doirasida cheklov kiritilishi belgilangani ma’lum qilingandi.