Bog‘chaga shakllangan yo‘llanmani Davlat xizmatlari markaziga bormasdan olish imkoniyati yaratildi. Bu haqda Adliya vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Oldin bolani bog‘chaga joylashtirish uchun yo‘llanmani Davlat xizmatlari markazidan olish lozim edi.

Endilikda, yo‘llanma shakllanishi bilan SMS xabar orqali ariza raqami va maxfiy kod yuboriladi. Ushbu maxfiy kod bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘chaga borish va uni mudiraga aytish yetarli bo‘ladi.

Shakllangan yo‘llanmani tasdiqlovchi maxfiy kodi MTM mudirasiga aytilmaguncha u yo‘llanmani ko‘ra olmaydi. Qayd etiilishicha, bu bilan korrupsiya holatlarining oldi olinadi.

2022-yilda bolani bog‘chaga joylashtirish uchun 1,4 mln, joriy yilning 9 oyi mobaynida esa 1 mln 22 mingta yo‘llanma shakllangan. Mazkur qulaylik fuqarolar vaqtini va har yili 1,2 mlnndan ortiq (6 tonna) qog‘oz tejalishi imkonini beradi.

Sentabr oyida DXSh asosida bog‘cha tashkil qilish uchun ajratilgan kreditlarning imtiyozli muddati uzaytirildi. U kelasi yilning 1-oktabrigacha amal qilib, bu davrda tadbirkorlar tomonidan kredit bo‘yicha faqat foiz to‘lovlari amalga oshiriladi.