“X” (avvalgi Twitter) pullik obunalar turlarini kengaytirishga tayyorlanmoqda. Bunga “The Verge” nashri e’tibor qaratdi.

Ilon Mask o‘z profilida ikkita yangi “X Premium” sinfining yaqinda ishga tushirilishi haqida ma’lum qildi.

Shunday qilib, u oktabr oyi boshida paydo bo‘lgan, ko‘rsatilgan reklama hajmiga qarab, obuna darajalari sonini uchtagacha kengaytirish haqidagi ma’lumotni tasdiqladi.

“Birinchi obuna arzonroq va barcha funksiyalarga ega bo‘ladi, lekin reklama kamaytirilmaydi. Ikkinchisi qimmatroq, lekin reklama bo‘lmaydi”, — dedi Mask.

“Bloomberg” xabariga ko‘ra, 5-oktabr kuni kreditorlar bilan onlayn uchrashuvda “X.com” rahbariyati yangi pullik obuna modelini sinovdan o‘tkazish haqida gapirdi.

Kompaniya oyiga $8 (yoki yiliga $84) bo‘lgan yagona “Twitter Blue” tarifi o‘rniga tabaqalashtirilgan — Basic, Standard va Plus tariflariga o‘tmoqchi.

Yangi tariflar narxlari va boshqa tafsilotlar hozircha oshkor etilmagan, ammo ma’lumki, asosiy tarifda reklama xabarlari sonini kamaytirish nazarda tutilmagan. O‘z navbatida, “Plus” tarifi egalari reklamadan butunlay xalos bo‘lishlari mumkin bo‘ladi.

Ijtimoiy tarmoq “Twitter Blue” sotuvini 2022-yilning noyabr oyida boshlagan. Oradan 3 kun o‘tib, soxta akkauntlar orqali yolg‘on ma’lumotlar tarqalishi tufayli u to‘xtatildi, bir qator reklama beruvchilar esa platforma bilan hamkorlikni to‘xtatdi.

“Twitter” dekabr oyida obuna savdosini tiklashni ma’lum qildi. Ijtimoiy tarmoq o‘z egalari uchun mavjud bo‘lgan funksiyalar doirasini kengaytirishdan tashqari, oddiy foydalanuvchilar uchun cheklovlarni joriy etish orqali uni sotib olishni rag‘batlantiradi.


Avvalroq “Spot” “X” asosiy funksiyalar uchun yillik to‘lov 1 dollar bo‘lgan obuna modelini sinovdan o‘tkazishi haqida yozgandi.

Yangi obuna modelini joriy etishdan maqsad botlar va spamerlarga qarshi kurashish bo‘lib, undan birinchi bo‘lib Yangi Zelandiya va Filippindagilar foydalanishi mumkin.