“Twitter"ning “Blue” obunasi 12-dekabr kuni yangilangan shaklda qayta ishga tushiriladi, deb xabar bermoqda ijtimoiy tarmoqning rasmiy akkaunti.

Avvalroq ijtimoiy tarmoq egasi Ilon Mask pullik obuna 29-noyabr kuni qaytadan ishga tushirilishini e’lon qilib, foydalanuvchilarga bu yakuniy sana ekanligini aytgandi.

Narx veb-versiyasi uchun oyiga $8 va iOS versiyasi uchun $11ni tashkil qiladi. Obunachilar postlarni tahrirlashlari, 1080p videolarni yuklab olishlari va hisob tekshirilgandan so‘ng “verified” belgisi olishlari mumkin bo‘ladi.

“Twitter” tasdiqlash belgisi berishni noyabr oyida vaqtinchalik o‘chirib qo‘ygandi. Bunga tasdiqlangan soxta akkauntlar soni ko‘paygani sabab bo‘lgan.

Biroz vaqt o‘tgach, tasdiq belgilari rangli bo’lishi ma’lum bo‘ldi, bunda ko‘k — jismoniy shaxslar uchun, kulrang — davlat idoralari uchun va oltin rang — biznes uchun.

“Twitter” birinchi marta iOS’da yangi obunani 9-noyabrda boshlagandi. Biroq, platformada tasdiqlangan soxta akkauntlar soni ko‘payganidan bir necha kun o‘tgach, mazkur obuna uchun ro‘yxatdan o‘tish to‘xtatildi.

Oktabr oyi boshida Mask “Twitter"ni oldin kelishilgan shartlar asosida $44 mlrdga sotib olishga rozilik bildirgandi.

Keyinchalik Mask kompaniyaning 75% xodimini ishdan boʻshatmoqchi ekanligi haqida ma’lum qildi. 11-noyabr kuni “Twitter” rahbari xodimlariga masofadan turib ishlashni taqiqladi.

12-noyabr kuni esa “Twitter” 5500 ta pudratchidan 4400 tasini ishdan bo‘shatdi.