Rossiya O‘zbekistonga o‘z iqtisodiy zonalarida baliq ovlash uchun kvota ajratishi mumkin. Bu haqda Qishloq xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Verona Yevroosiyo iqtisodiy forumi doirasida vazir Ibrohim Abdurahmonov Rossiya Federal baliqchilik agentligi rahbari Ilya Shestakov bilan uchrashdi. Unda ikki davlat o‘rtasida baliqchilik sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Xususan, intensiv usulda baliq yetishtirishni bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yish va rag‘batlantirish, mavjud suv resurslaridan samarali foydalanish, sohaga innovatsion g‘oyalar, ilmiy ishlanmalar va texnologiyalarni joriy qilish kabi takliflar, shuningdek, baliqchilikka ixtisoslashtirilgan klasterlar tashkil etish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston uchun Rossiyaning iqtisodiy zonalarida baliq ovlash kvotasini ajratish masalalari muhokama qilinib, bu borada O‘zbekiston tomoni qo‘shma korxona tashkil etish taklifini bildirdi.

Xususan, mamlakat tomonidan 50 ming tonna mintay va 20 ming tonna seld balig‘ini ovlash uchun kvota hajmlarini oshirish so‘ralgan. Rossiya Federal baliqchilik agentligi rahbari kvota hajmlarini mazkur mahsulotlarga bo‘lgan ichki talabdan kelib chiqib qaytadan ko‘rib chiqishni taklif qildi.

Shuningdek, uchrashuvda baliqchilik sohasini rivojlantirish, baliq mahsulotlari turlarini ko‘paytirish, eksport salohiyatini oshirish, mavjud havzalar imkoniyatlaridan foydalanish, intensiv texnologiyalar asosida baliq yetishtirish hajmini oshirish hamda baliqchilik xo‘jaliklarining ozuqa bazasini mustahkamlash masalalariga ham to‘xtalib o‘tildi.

Avgust oyida “Baliqchilik xo‘jaligi ehtiyojlari uchun suv havzalaridan foydalanish tartibini takomillashtirish hamda baliq ovlash va suv bo‘yi turizmi maskanlarini rivojlantirishga qaratilgan prezident qarori qabul qilindi.

2024-yildan “Har bir oila — tadbirkor” dasturi doirasida aholi va tadbirkorlarga baliqchilik loyihalarini amalga oshirish uchun 50 mln so‘mgacha garovsiz kredit beriladi.