“O‘zenergoinspeksiya” tomonidan olib borilgan nazorat tadbirlari davomida sifatsiz neft mahsulotlari savdosiga chek qo‘yildi. Bu haqda inspeksiya matbuot xizmati xabar berdi.

Oktabr oyida 91 holatda ayrim AYOQShlarda 6,1 mln litr neft mahsulotlarining sifatsizligi aniqlanib, sotuvga chiqarilishining oldi olindi.

Joriy yilning yanvar-sentabr oylarida jami 9,15 mln litri sifatsiz neft mahsulotlarining iste’molga chiqarilishining oldi olingandi.

Natijada, ortda qolgan o‘n oy davomida aniqlangan sifatsiz mahsulotlar hajmi 15,2 mln litrdan oshdi.

Inspeksiya tomonidan aniqlangan kamchiliklar bartaraf etilishi bo‘yicha mas’ullarga ko‘rsamalar berilib, ularning bajarilishi nazoratga olingan.

Avvalroq Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov O‘zbekistonda benzin defitsiti yo‘qligini ma’lum qildi.

Shuningdek, Rossiya tomonidan benzin va dizel yoqilg‘isi eksportiga kiritilgan cheklovlar O‘zbekistonga yetkazib berishga ta’sir qilmagan, bu davlatlar o‘rtasida hukumatlararo kelishuv tuzilgani bilan izohlangan.

“Spot” AI-80 benzinini xarid qilishdagi cheklovlar xaridorlar sonining qisqarishiga olib kelgani, shu bois yoqilg‘i quyish shoxobchalari vakillari va birja brokerlari limitni kamaytirishni so‘ragani haqida yozgandi.

Joriy yilning sentabr oyida benzin uchun to‘lanadigan kompensatsiya miqdori oshirildi. Oldingi narxga nisbatan kompensatsiya hajmi 3 460 so‘mga oshirilib, 119 640 so‘mga yetdi.