Kollej va texnikumlarga o‘qishga tavsiya etilmagan abituriyentlarga qo‘shimcha imkoniyatlar taqdim etiladi. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi xabar berdi.
Tegishli buyruq bilan 2023/2024-o‘quv yilida my.uzbmb.uz platformasi orqali kollej va texnikumlarda (yuridik texnikumlar bundan mustasno) kasb yoki mutaxassislik egallash istagida ro‘yxatdan o‘tgan abituriyentlarni qabul parametri doirasida mavjud vakant (bo‘sh) o‘rinlarga qabul qilish imkoniyati yaratildi.
Bunda birinchi navbatda, abituriyentlar test natijalari bo‘yicha ballar ketma-ketligiga qat’iy rioya etilgan holda qabul qilinadi.
Vakant o‘rinlariga o‘qish istagida bo‘lganlar 2023-yilning 13-noyabr kuniga qadar professional ta’lim muassasasi ma’muriyatiga murojaat qilishlari kerak.
Shuningdek, qabul yakunlari bo‘yicha shakllanmagan (o‘quvchilar soni 12 nafardan kam bo‘lgan) guruhlarga davlat granti asosida o‘qishga qabul qilingan o‘quvchilar arizasiga ko‘ra, ta’lim shakli o‘zgarmagan holda davlat granti asosida boshqa kasb (mutaxassislik)ga o‘zgartirishi mumkin.
Abu Ali ibn Sino nomidagi Jamoat salomatligi texnikumlariga test sinovlarida ishtirok etib, o‘qishga tavsiya etilmagan abituriyentlar faqat ushbu texnikumdagi mos mutaxassislik bo‘yicha vakant o‘rinlarga to‘lov-kontrakt asosida qabul qilinadi.
Ushbu texnikumlarning vakant o‘rinlariga mos mutaxassislik bo‘yicha o‘qishga da’vogar abituriyent bo‘lmagan taqdirda, mazkur muassasaning boshqa mutaxassisliklari bo‘yicha o‘qishga tavsiya etilmagan abituriyentlar qabul qilinishiga ruxsat beriladi.
Shu bilan birga, tibbiyot yo‘nalishidagi mutaxassisliklarga tavsiya etilmagan abituriyentlar boshqa kollej va texnikumlardagi vakant o‘rinlarga o‘qish uchun ham murojaat etishlari mumkin.