Madaniyat vazirligi madaniyat va san’at sohasi vakillariga uy-joy olish, yakka tartibda uy-joy qurish va rekonstruktsiya qilishda subsidiya beruvchi qonun loyihasini muhokama portaliga qo‘ydi.

Unga ko‘ra, uzoq yillar samarali faoliyat olib borgan madaniyat va san’at sohasi vakillariga hamda iste’dodli yosh ijodkorlarga ipoteka krediti asosida sotib olinayotgan uy-joy qiymatining 50%i miqdorida subsidiya beriladi.

Ammo subsidiyaning maksimal miqdori Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar uchun 192,5 mln so‘m, Toshkent shahri uchun 245 mln so‘m etib belgilangan.

Ariza beruvchiga qo‘yiladigan talablar:

  • 18 yoshdan 60 yoshgacha bo‘lishi (60 yoshni inobatga olgan holda);
  • O‘zbekiston fuqarosi bo‘lishi;
  • madaniyat va san’at sohasida kamida 2 yil ish stajiga ega bo‘lishi;
  • ariza berish vaqtida mulkiy-huquq asosida faoliyat yuritayotgan hududda o‘zi va turmush o‘rtog‘ining nomida uy-joy bo‘lmasligi;
  • subsidiya mablag‘i ajratilganidan so‘ng Madaniyat vazirligi va uning tarkibiy tuzilmalarida 5 yil faoliyat yuritishni o‘z zimmasiga olishi talab etiladi.

Uy-joy sotib olishga ipoteka kreditining boshlang‘ich badali va foizlarning bir qismini Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari qarori bilan mahalliy byudjetning qo‘shimcha manbalari hisobidan qoplab beriladi.


Avvalroq “Spot” 2024-yilda uy-joy xaridi uchun 1,5 trln so‘m subsidiya ajratilishi haqida yozgandi.

Shuningdek, O‘zbekistonda ipoteka krediti bo‘yicha subsidiya berish qayta boshlangani haqida xabar berilgandi.

Xizmatdan Yagona portal orqali bepul foydalanish mumkin. Subsidiyalar daromadi yuqori bo‘lmagan va uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj oilalarga hududiga qarab beriladi.