Shavkat Mirziyoyev va Italiya prezidenti Serjo Mattarella o‘rtasida “Ko‘ksaroy” qarorgohida ikki tomonlama muzokara o‘tkazildi.

Unda strategik sheriklikni va ustuvor yo‘nalishlardagi ko‘p qirrali munosabatlarni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Tomonlar kelgusi yilda tashqi siyosiy idoralar rahbarlari darajasidagi Strategik muloqotning birinchi yig‘ilishini o‘tkazishga kelishdi. “Markaziy Osiyo — Italiya” muloqoti doirasida faol aloqalar davom ettiriladi.

O‘tgan yili mamlakatlarning o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 30%ga oshdi. Qo‘shma loyihalar portfeli 9 mlrd yevroni tashkil etdi.

Savdo munosabatlarini rivojlantirish maqsadida Savdoga ko‘maklashish kompleks dasturini ishlab chiqish taklif qilindi.

Mamlakat milliy iqtisodiyotni modernizatsiya qilish loyihalarida Italiyaning texnologik kompaniyalarini jalb qilishdan manfaatdor ekani bildirildi.

Tomonlar Toshkent shahrida sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirishga xizmat qiladigan “Konfindustriya O‘zbekiston” sanoatchilar uyushmasi ochilganini ma’qullashdi.

hamkorlik, italiya, prezident, taklif

Hukumatlararo guruh doirasida mahalliylashtirishning yangi yo‘nalishlari va loyihalari bo‘yicha takliflar tayyorlashga kelishib olindi.

Italiya O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga tez fursatda kirishini hamda YeI bilan kengaytirilgan sheriklik to‘g‘risidagi bitimning qabul qilinishini qo‘llab-quvvatlashga tayyorligi bildirildi.

Ikki mamlakat hududlari o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni rag‘batlantirish muhimligi qayd etildi. Shundan kelib chiqib, O‘zbekiston va Italiya hududlari forumini ta’sis etish va uning ilk uchrashuvini keyingi yili Samarqandda o‘tkazish taklif qilindi.

Bundan tashqari, madaniy-gumanitar hamkorlikni rivojlantirish imkoniyatlari muhokama qilindi. Toshkentdagi Turin politexnika universiteti filiali negizida Italiyaning ilg‘or texnologiyalari transferi markazi tashkil etiladi.

O‘zbekistonda italyan tilini o‘rganishga qiziqish o‘sib borayotgani ta’kidlandi. Maktablarda italyan tili o‘qituvchilarini tayyorlash va tilni o‘qitishni bosqichma-bosqich joriy qilish muhimligi bildirildi.

Davlat rahbarlari akademik almashinuvlarni kengaytirish hamda qo‘shma Ta’lim forumini o‘tkazish zarurligini ta’kidlashdi.

Joriy yilning iyun oyida Shavkat Mirziyoyev Italiyaga rasmiy tashrifi doirasida italiyalik ishbilarmonlarni O‘zbekistonga taklif qilgandi. Tomonlar o‘rtasida umumiy qiymati 9 mlrd yevrodan ortiq kelishuv va shartnomalar imzolangandi.