Rossiyaning “Magnit” riteyleri o‘zbekistonliklarni ishga jalb qiladi. Bu haqda savdo majmuasining matbuot xizmatiga tayanib, “Kommersant” nashri xabar berdi.

Unga ko‘ra, kompaniyada do‘konlar va tarqatish markazlari xodimlari hamda haydovchilar kabi bir qator xodimlar defitsiti kuzatilmoqda.

“Shundan kelib chiqib, „Magnit“ xodimlar bilan ishlashish bo‘yicha yondashuvlarni o‘zgartiradi va ishga qabul qilishning maqsadli auditoriyasini kengaytiradi. Bu yondashuvning bir qismi xorijliklarni ishga yollashdir”, — dedi kadrlar bo‘limi direktori Anna Bobrova.

Birinchi bosqichda 40ta o‘zbekistonlik Tataristondagi tarqatish markaziga ishga qabul qilinadi. Noyabr oyi boshida “Magnit” Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi bilan shartnoma imzoladi.

Kelishuv doirasida kompaniya xodimlarni jalb qilishda fuqarolarning yo‘l xarajatlarini qoplab, mehnat patentini olgungacha bepul uy-joy va oziq-ovqat bilan ta’minlaydi.

Shuningdek, hujjatlarni rasmiylashtirish va rus tili imtihoniga tayyorgarlik ko‘rishda yordam beriladi. Kelgusida yuk avtomobili haydovchiligiga ham ishga jalb qilish rejalashtirilmoqda.

Bundan tashqari, kompaniya, Qirg‘iziston va Tojikistondan, shuningdek, xorijiy davlatlardan (birinchi navbatda, Hindistondan) xodimlarni yollash imkoniyatlarini ko‘rib chiqmoqda.

Chet el fuqarolari logistika operatsiyalarida asosan omborchi, yig‘uvchi hamda yuk tashuvchi sifatida ishlarga jalb qilinishi ta’kidlangan.