Germaniyaning “KfW” banki O‘zbekistonda kadrlar malakasini oshirish uchun 30 mln yevro ajratadi, deya xabar bermoqda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati.

Mablag‘ ajratish bo‘yicha shartnoma O‘zbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov va “KfW” Germaniya taraqqiyot banki loyihalar portfeli katta menejeri Vitalis Ritter o‘rtasida imzolangan.

Shartnoma loyihasida kasb-hunar ta’limi uchun 16 mln yevro miqdorida grant mablag‘lari ajratilishi belgilangan. Shuningdek, O‘zbekistonda bandlikka ko‘maklashish markazlari qoshida monomarkazlarini qurish, ta’mirlash va jihozlash uchun 14 mln yevro hamda loyihani qo‘llab-quvvatlash uchun 2 mln yevro miqdorida grant mablag‘lari ajratiladi.

Shartnomalar loyihalarida Termiz shahrida qiymati 13 mln yevro bo‘lgan simulyatsiya o‘quv markazi tashkil etish hamda ekspert xizmatlarini ko‘rsatish va kadrlar malakasini oshirish bo‘yicha tadbirlarni amalga oshirish uchun 500 ming yevro miqdorida grant mablag‘lari ajratilishi ko‘zda tutilgan.


Avvalroq “Spot” Germaniyaning “KfW” banki Surxondaryo va Farg‘onada ichimlik va oqova suv xizmatlarini yaxshilashga 200 mln yevro ajratishi haqida yozgandi.

Shundan 130 mln yevro kredit asosida, qolgan 70 mln yevro esa grant asosida yo‘naltiriladi.