“QIWI” to‘lov xizmati O‘zbekiston bozori uchun taqdim etilgan ilovasini o‘chirishga tayyorlanmoqda. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar berdi.

“QIWI Uzbekistan” ilovasi joriy yilning 18-dekabridan o‘z faoliyatini to‘xtatadi. To‘lov xizmati foydalanuvchilardan bu muddatgacha ilova orqali pullarni chiqarib olish yoki xizmatlar uchun to‘lovlarni amalga oshirishni tavsiy qilmoqda.

16-noyabrdan elekton pullarni saqlash xizmati uchun kunlik 75 ming so‘m miqdorida komissiya olinadi. Kompaniya bu zaruriy chora ekanligini ta’kidlab, mijozlar pullarini ushlab tura olmasligini hamda tezroq ularni chiqarib olish kerakligini qayd etmoqda. 18-dekabrdan keyin hamyon balansidan pul yechib olish uchun ariza yozish kerak bo‘ladi.

Yopilishning asosiy sabablaridan biri sifatida sentabr oyida Markaziy bank tomonidan barcha xalqaro pul o‘tkazmalari uchun to‘lov tizimlariga cheklov o‘rnatilgani keltirilgan.

Hozir faqat mahalliy xizmatlar uchun to‘lovlar va mahalliy banklarning kartalariga o‘tkazmalarni amalga oshirish mumkin. Foydalanuvchilarning qariyb 90%i ilovani xorijiy xizmatlar va xalqaro pul o‘tkazmalari uchun to‘lovlarni amalga oshirishda foydalanishgan.

Shuningdek, kompaniya O‘zbekistondan tashqarida odatiy xizmatlar uchun to‘lovlarni amalga oshirishda yagona “QIWI"da qulay valyutada hamyon ochish kerakligini ham ta’kidlagan.

Sentabr oyida Markaziy bank “QIWI Uzbekistan” orqali xalqaro pul o‘tkazmalari, xususan Rossiya kartalari va “QIWI” hamyonlariga pul o‘tkazmalarini amalga oshirishga cheklov kiritdi. Shu bilan birga, “Uzcard” va “Humo” kartalari bilan tranzaksiyalarni amalga oshirish ham imkonsiz bo‘lib qoldi.