Avvalroq Markaziy bank “Oson” to‘lov tashkilotiga nisbatan jarima sanksiyasini qo‘llagandi. Bunga kompaniyaning jinoiy yo‘l bilan olingan daromadlarni legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha qonunchilik talablarini buzgani sabab bo‘lgan.

Shuningdek, regulyator boshqa to‘lov tashkilotlari va ularga xizmat ko‘rsatuvchi banklarni yo‘l qo‘yilgan bu kabi qoidabuzarliklar uchun qat’iy chora ko‘rilishi haqida ogohlantirgandi.

Undan keyin, to‘lov tashkiloti Markaziy bankning jarima qo‘llashi bo‘yicha izoh berib, 5-sentabrdan fintex kompaniyalariga transchegaraviy to‘lovlar bilan ishlashni taqiqlashini ma’lum qilgandi.

Joriy yilning 4-sentabr kuni, kechki payt “Oson” 5-sentabrdan boshlab xalqaro pul o‘tkazmalari va xorijiy xizmatlar uchun to‘lovlar vaqtincha to‘xtatilishini ma’lum qildi.

“Keltirilgan noqulayliklar uchun uzr so‘raymiz. Tez orada xizmatlar tiklanadi”, deyiladi to‘lov tashkiloti xabarida.

Undan oldinroq esa “PayWay” to‘lov platformasi ilovada barcha xalqaro yo‘nalishlarga, jumladan, Rossiyadan va Rossiyaga pul o‘tkazmalari vaqtincha o‘chirib qo‘yilishi haqida ma’lum qilgan.

“Markaziy bank mazkur yo‘nalishlarni vaqtincha o‘chirib qo‘yish bo‘yicha topshiriq berdi”, deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, ilovada O‘zbekiston ichidagi to‘lovlar, “Uzcard” va “Humo” o‘rtasida pul o‘tkazmalari hamda kommunal, davlat va aloqa va internet xizmatlari uchun to‘lovlarni amalga oshirish mumkin.