“Google Developer Groups” (GDG) tomonidan butun dunyo bo‘ylab tashkil etiladigan “GDG DevFest-2023” global dasturchilar konferensiyasi uchun ro‘yxatdan o‘tish boshlandi.

“GDG DevFest” — bu ma’ruzalar, seminarlar va amaliy mashg‘ulotlarni o‘z ichiga olgan bepul bir kunlik tadbir.

Tadbir dasturchilar uchun eng yangi texnologiyalar bilan tanishish, boshqa dasturchilar bilan muloqot qilish va o‘z bilimlarini boshqalar bilan o‘rtoqlashish imkoniyatini yaratadi.

Konferensiya tashabbuskori “GDG Tashkent” mahalliy dasturchilar hamjamiyati va “IT Ta’lim Uyushmasi” hisoblanadi.

Tadbir ma’ruzachilari sifatida “Google” ekspertlari Mark MakDonald va Martin Goerner, “Outtalent” kompaniyasidan Tilek Mamutov, “KPMG” kompaniyasidan Jitendra Gupta va boshqalar so‘zga chiqishadi.

Konferensiya 25-noyabr kuni Alisher Navoiy nomidagi kino saroyida (sobiq “Panorama”) bo‘lib o‘tadi. Tadbir soat 9:00 da boshlanadi.

Unda ishtirok etish uchun bepul chiptani havola orqali olish mumkin.


Avvalroq “Spot” Farg‘ona vodiysida o‘tkaziladigan “Open Mind” ideatoniga arizalar qabul qilinayotgani haqida yozgandi.

Loyiha joriy yilning 20−21-noyabr kunlari Farg‘ona davlat universitetida o‘tkaziladi. Unda ishtirok etish bepul bo‘lib, buning uchun ro‘yxatdan o‘tish kerak.