Ozarbayjonning “Shahdag” tog‘ kurorti O‘zbekiston, Qozog‘iston va Rossiya ishtirokidagi Yevroosiyo tog‘ kurortlari ittifoqiga qo‘shildi. Bu haqda mazkur tog‘ kurortlari ittifoqi matbuot xizmati “Spot"ga xabar berdi.

Bu bo‘yicha, 16-noyabr kuni Toshkentda o‘tkazilgan “Ipak yo‘lida turizm” TITF ko‘rgazmasi doirasida ittifoqninig barcha dam olish maskanlari vakillari hamda “Shohdag sayyohlik markazi” tog‘ kurorti boshqaruv raisi Rustam Najafov tomonidan tegishli memorandum imzolandi.

Shuningdek, ko‘rgazma doirasida YTKI kelgusi bir yil davomida uchta dam olish maskanida amalga oshiriladigan sport, madaniy va ko‘ngilochar tadbirlarning Yagona kalendari taqdim etildi.

Endilikda tadbir va mashg‘ulotlarda ishtirok etgan sayyohlarga ma’lum bonuslar taqdim etish hamda undan ittifoqning har uchta kurortida xizmatlar haqini to‘lashda foydalanish imkoniyati yaratiladi.

Davlatlararo sayyohlik yo‘nalishini yaratish hamda har uchta kurortda foydalanish uchun yagona ski-passlarni (chang‘ichilar va snoubordchilarga tog‘-chang‘i kurortlari yoki mintaqalarning chang‘i liftlaridan foydalanish huquqini beruvchi abonement — “Spot” izohi) joriy etish rejalashtirilgan.

Shuningdek, ittifoqning YTKI Korporativ universitetida tog‘ kurortlari uchun xodimlarni hamkorlikda tayyorlash imkoniyati ham ko‘rib chiqilmoqda.

2024-yilning mart oyida Sochidagi “Roza Xutor” kurortida Tog‘ kurortlari festivali o‘tkaziladi. Uning doirasida ittifoq instruktorlari tomonidan tog‘ chang‘isi va snoubordda uchish bo‘yicha bepul mahorat darslari hamda o‘quv moduli tashkil etiladi.

amirsoy, ozarbayjon, qozog'iston, rossiya, tog‘ kurortlari, yevroosiyo tog‘ kurortlari ittifoqi

Shu bilan birga, festival dasturiga tog‘ kurortlari faoliyatiga oid mavzularda professional munozaralar, xususan, alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlarda turizmni rivojlantirishga bag‘ishlangan davra suhbati, gastrofestival va folklor dasturlar kiritilgan.

Ittifoq kotibi Andrey Kukushkinning ma’lum qilishicha, ayni damda YTKIni yuridik shaxs sifatida ixtiyoriy jamoat birlashmasi shaklida ro‘yxatdan o‘tkazish jarayoniga tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Tashkilot kotibiyati Qozog‘istonning Olmaota shahrida joylashadi.

O‘tgan yilning may oyida “Amirsoy” va “Rosa Xutor” tog‘ kurortlari o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolangandi. Joriy yilning iyun oyida “Rosa Xutor”, “Shimbuloq” hamda “Amirsoy” tog‘ kurortlari o‘rtasida Yevroosiyo tog‘ kurortlari alyansini tashkil etish bo‘yicha memorandum imzolandi.