Yevropa Ittifoqi Preferensiyalar bosh tizimi Plus (“GSP+”)ning O‘zbekiston uchun amaldagi muddatini 2027-yilning 31-dekabrigacha uzaytirishga qaror qildi. Bu haqda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi xabar berdi. Bu bo‘yicha matbuot anjumani o‘tkazildi.

YeIning O‘zbekistondagi elchisi Sharlotta Adrianning qayd etishicha, “GSP+” mamlakatdagi xususiy sektorga ta’sir qilib, 448 mln iste’molchiga ega Yevropa bozorlariga kirishni osonlashtiradi, Yevropa va O‘zbekiston kompaniyalari o‘rtasida hamkorlikni rag‘batlantiradi hamda chegaralarda sezilarli tejashlarga olib keladi.

Shuningdek, “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi raisi maslahatchisi Shahzoda Qo‘chqorova va “O‘zeltexsanoat” uyushmasi raisi maslahatchisi Bektemir Murodov tomonidan “GSP+” doirasida taqdim etilayotgan imtiyozlar mamlakatning to‘qimachilik va elektrotexnika sanoatlaridagi ahamiyati qayd etildi.

O‘tgan yil yakuni bo‘yicha o‘zbekistonlik eksportchilar 28 mln yevroga teng import bojlarini tejab qolishdi. 2019 va 2022-yillar oralig‘ida bu ko‘rsatkich o‘n baravardan ko‘proq o‘sdi.

2022-yilda 628ta korxona tomonidan (2021-yilning mos davriga nisbatan +116ta) $647 mlnlik, 2020-yilga nisbatan qariyb 2 barobardan ortiq hajmdagi mahalliy mahsulotlar Yevropa bozorlariga chiqarilgan.

Xususan, GSP+ doirasida $177,4 mlnlik (yiliga +26,4%) to‘qimachilik mahsulotlari, $138,3 mlnlik (o‘sish 4,7 barobar) kimyo mahsulotlari eksport qildi. Oziq-ovqat ($19,7 mln, +3%) va elektr jihozlari ($9 mln, +17%) yetkazib berish ham sezilarli darajada oshdi.

Investitsiyalar, sanoat va savdo sohasida davlat boshqaruvini samarali tashkil etishga qaratilgan prezident farmoni qabul qilingandi. Hujjat bilan, “GSP+” tizimi imtiyozlari qo‘llanilishiga doir ma’lumotlar olish, sinov laboratoriyalarini erkin tanlash, sinov bayonnomalarini elektron rasmiylashtirish imkonini beruvchi “E-sertifikat” axborot tizimi ishga tushirilishi belgilangan.