O‘zbekistonliklar Yevropa davlatlariga ishga taklif qilinmoqda. Bu haqda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi xabar berdi.

Hozirda CE toifasidagi haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lganlar yuk avtomobili haydovchisi sohasidagi ishlarga hujjat topshirishlari mumkin.

Nomzodlar 21−50 yosh oralig‘ida, Yevropa yoki MDH davlatlarida 1 yillik ish tajribasi, Taxograf uchun raqamli karta hamda ADR sertifikatiga ega bo‘lishlari kerak.

Bundan tashqari, rus tilini bilish, kafil bilan shartnoma imzolanishi, sudlanmaganlik va xorijga chiqishga ta’qiq bo‘lmasligi talab etiladi.

Haydovchilarga 1500 — 2000 yevro (soliqlar ushlangandan keyin) miqdorida ish haqi beriladi.

Shuningdek, qabul qilinganlar quyidagi imkoniyatlarga ega bo‘lishadi:

  • kod 95 trening;
  • to‘liq ijtimoiy kafolatlar to‘plami;
  • EURO 6 standartidagi yangi avtomobilda ishlash;
  • pullik stajirovka;
  • Toshkentda nazariy va amaliy mashg‘ulotlar;
  • ishga joylashish uchun tayyorgarlik.

Nomzodlar havola orqali ro‘yxatdan o‘tishlari kerak. Batafsil ma’lumot bu yerda.


Avvalroq Rossiyaning “Magnit” riteyleri o‘zbekistonliklarni ishga jalb qilishi haqida xabar berilgandi. Savdo tarmog‘i ishchi kuchi yetishmasligi sabab xorijliklarni ishga yollashni rejalashtirmoqda hamda birinchi bosqichda 40ta o‘zbekistonlik ishga qabul qilinadi.