Joriy yilning o‘n oyi davomida xorijda ishlayotgan o‘zbekistonliklarning $1,2 mln miqdoridagi pullari undirib berildi. Bu haqda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi matbuot xizmati rahbari Ortiqxo‘ja Norov ma’lum qildi.

Xususan, 1710ta fuqaroning ish beruvchi tomonidan to‘lanmayotgan ish haqi hamda 98tasining kompensatsiya to‘lovi shaklidagi mablag‘larini olishda yordam berilgan.

Jismoniy va yuridik shaxslardan kelib tushgan 85 634 murojaatning 66 069tasi xorijiy davlatga ishlagani ketish, 18 282tasi chet elda qiyin ahvolga tushganda huquqiy, moddiy va ijtimoiy yordam olish, qolganlari mehnat migratsiyasi bilan bog‘liq boshqa masalalar bo‘yicha bildirilgan. Murojaatlar soni o‘tgan yilga nisbatan 48%ga kamaygan.

Xorijda ishlash istagida bo‘lgan fuqarolarning 35 381tasiga tashkiliy va manzilli tarzda ishga joylashishga yordam berildi.

Chet davlatda ishlayotgan 8 667ta fuqaroga huquqiy, 7 141tasiga ijtimoiy va 2 474ta murojaat qilgan fuqaroga jami $71 400 miqdorida moddiy yordam ko‘rsatildi.

Qiyin ahvolda qolgan xorijdagi 76ta fuqaro vaqtincha xostelga joylashtirilib, 443tasi O‘zbekistonga qaytarilgan.

Bundan tashqari, xorijda ishlash istagini bildirgan 49 047ta fuqaro kasb-hunar va chet tili bo‘yicha o‘qishga qamrab olindi. Ularning 28 717tasi xorijiy ish beruvchilar tanloviga jalb qilinmoqda.

Avvalroq Rossiyada ishlayotgan o‘zbekistonliklarning $10 ming, Koreyada ishlayotganlarning esa $170 mingdan ortiq pullari undirib berilgani ma’lum qilingandi.