Oltinning birja kotirovkalari tarixiy rekord o‘rnatdi va bir troya unsiyasi uchun $2100ni tashkil etdi. Bu haqda “Kommersant” nashri xabar bermoqda.

4-dekabr, dushanba kuni savdolar chog‘ida qimmatbaho metalning narxi bir troya unsiyasi uchun $2135,39ni tashkil etib, eng yuqori cho‘qqiga chiqdi. Natijada, ko‘rsatkich 2020-yilgi COVID-19 pandemiyasi davrida o‘rnatilgan eng yuqori ko‘rsatkichdan oshib ketdi.

Oltin narxining oshishiga Yaqin Sharqdagi qurolli mojaro va inflyatsiyaning sekinlashishi sabab bo‘ldi.

“Agence France-Presse"ning ma’lum qilishicha, bunday sharoitda AQSh Federal zaxira tizimi foiz stavkalarini oshirish siklini tugatib, yaqin muddatda pasaytirishga o‘tishi mumkin.

Bundan tashqari, treyderlar 2024-yilning mart oyida asosiy stavkaning pasayish ehtimolini 60%ga baholamoqda.

Oktabr oyi oxirida oltin bir troya unsiyasi uchun $2000gacha qimmatlashdi. Uning fonida O‘zbekiston xorijga oltin eksportini ikki baravarga — $6,87 mlrdga oshirdi.