“Fitch Ratings” agentligi Toshkent shahrining xorijiy va mahalliy valyutadagi uzoq muddatli emitent defolt reytingini “BB-” darajasida “Barqaror” prognozini bekor qildi.

Qayd etilishicha, poytaxt reyting jarayonida ishtirok etishni to‘xtatishga qaror qilgani uchun agentlik reytingni qaytarib olgan.

Shu sababli, “Fitch” endilikda reytinglarni saqlab qolish uchun yetarli ma’lumotga ega emas. Shundan kelib chiqib, agentlik bundan buyon Toshkent shahri uchun reyting va tahliliy xabarlarni taqdim etmaydi.

Emitentning reyting jarayonida yetarlicha ishtirok etmasligi, asosiy kredit omillarini, jumladan, fiskal va qarzni boshqarish siyosatini adekvat tekshirishga uchinchi tomon manbalarining yo‘qligi reytingni aniqlash uchun zarur bo‘lgan faktik elementlarni tekshirish imkoniyatini cheklaydi.

Toshkent shahrining moliyaviy ma’lumotlar sifati va o‘z vaqtida taqdim etilishi, davlat qarzi va shartli majburiyatlarning shaffofligi bo‘yicha xalqaro standartlardan ortda qolgan cheklovlarga duchor bo‘lganligi sabab, ma’lumotlar sifati va shaffofligi bo‘yicha “4” ESG muvofiqlik balliga ega.

Agentlik bu kredit profiliga salbiy ta’sir ko‘rsatishini va boshqa omillar bilan birgalikda reyting bilan bog‘liqligini ta’kidlagan.

2019-yili “Fitch Ratings” agentligi Toshkentga birinchi marta reyting berib, shaharning zaif tomonlarini nomlagandi. Xususan, poytaxtning hisobot va shaffoflik tizimi xalqaro standartlardan ortda qolayotgani qayd etilgandi.